DAVAN
DAVAN (xitoycha Dayuandan olingan) — Farg’ona vodiysidagi qadimgi davlat. Miloddan avvalgi 2-1-asrlardagi Xitoy manbalarida keng, obod, boy mamlakat — Davan haqidagi ma’lumotlar keltirilgan. Davan shahar va voha hokimlarining erkin ittifoqidan iborat davlat edi. Ulug’ hukmdor qarorgohi Gushan (hozirgi O’zgan shahri deb taxmin etiladi) da bo’lgan. Podsho hokimiyati qabila zodagonlaridan iborat oqsoqollar kengashi tomonidan cheklab qo’yilgan. Oliy kengash qukmdorni podsholikdan tushirishi, hatto o’lim jazosiga hukm qilishi mumkin bo’lgan. Davan atamasi tarixiy adabiyotlarda milodiy 3-asrgacha uchraydi. So’ngra Davan o’rniga “Boxan” va “Polona” (milodiy 5-asr) atamalari uchrab muarrixlar ushbu atamalar qadimgi Davanga mos keladi deb qayd etib o’tganlar. Xitoyliklar Davan deb nomi toxarlar (Taxwar) bilan bog’liq bo’lgan mamlakatni atashgan degan fikr bor. Miloddan avvalgi 2-asr oxiridagi ma’lumotlarga ko’ra, Davan aholisi 300 ming kishini tashkil qilgan, Davanliklar ko’zlari kirtaygan, qalin soqolli xalq bo’lib, savdo-sotiq ishlarida mohirliklari bilan nom chiqarishgan. Davanda xotin-qizlar izzat-ikrom qilingan. Davanda yetishtirilgan “osmon tulporlari” — arg’umoqlar Sharqda mashhur bo’lgan. Miloddan avvalgi 104— 101 yillarda Xitoy askarlari Davanga ikki bor hujum qilganlar. 1-hujum Xitoy askarlarining mag’lubiyati bilan tamom bo’lgan, chunki ular istehkomga aylantirilgan qishloqlarning qarshiligini sindirish uchun ojizlik qilganlar. Xitoyliklar 60 ming kishilik katta qo’shin bilan ikkinchi marta hujum qilib, 101 yilda Ershi shahrini qamal etishgan.