DAVLAT NASLCHILIK NAZORATI

DAVLAT NASLCHILIK NAZORATI — mamlakat miqyosida chorvachilik sohasida naslchilik ishlarini nazorat qilish majmui. Tarmoqda yagona ilmiy-texnika siyosatini amalga oshirish, davlat va mintaqaviy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkil etish, naslchilikdagi me’yoriy hujjatlar va qoidalarni tasdiqlash, nasldor hayvonlarni, naslchilik xo’jaliklari va podalarini tegishlicha davlat kitobida va davlat reestrida ro’yxatga olish, naslchilik sohasida selektsiya, biotexnologiya va genetik injeneriya usullarini qullash shartlarini belgilash, naslchilikni davlat yo’li bilan rag’batlantirish, selektsiya maqsadlari uchun noyob zotlar genofondini saqlab qolish chora-tadbirlari va boshqalarni qamraydi. O’zbekistonda Davlat naslchilik nazorati ishlari Respublika Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 12 iyuldagi qarori asosida tashkil etilgan. Davlat naslchilik nazoratini Respublika qishloq va suv xo’jaligi vazirligining chorvachilikda naslchilik ishlari bosh davlat inspektsiyasi va Qoraqalpog’iston Respublikasi hamda viloyatlar hokimliklaridagi naslchilik ishlari bo’yicha davlat inspektsiyalari olib boradi. O’zbekiston Respublikasining 1995 yil 21 dekabrda qabul qilingan “Naslchilik to’g’risida” qonunida O’zbekistonda birinchi marta Davlat naslchilik nazoratining asosiy vazifalari va huquqiy asoslari belgilab berilgan. Izatulla Eshmatov.