DO’STLIK TUMANI

DO’STLIK TUMANI – Jizzax viloyatidagi tuman. 1970 yil 16 oktabrda tashkil etilgan. Do’stlik tumani viloyatning Zafarobod, Mirzacho’l, Paxtakor, Forish tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,45 ming kilometr kvadrat. Aholisi 48,9 ming kishi (2000). Do’stlik tumanida 1 shahar (Do’stlik) va 8 qishloq fuqarolari yig’ini (Bog’zor, Bunyodkor, Istiqlol, Mevazor, Navro’z, Saritepa, Yangiobod, Qahramon) bor. Markazi — Do’stlik shahri. Tabiati. Do’stlik tumani yer yuzasi asosan tekislik, qisman qir va adirlardan iborat. Iqlimi keskin kontinental. Iyulning o’rtacha temperaturasi 28-30°, yanvarniki -2° dan -4° gacha. Vegetatsiya davri 220-230 kun. Do’stlik tumanini Janubiy Mirzacho’l kanalining chap tarmoqlari kesib o’tgan. Tuprog’i unumdor bo’z tuproq. Ba’zi yerlarni sho’r bosgan. Tuproqning meliorativ holatini yaxshilash tadbirlari ko’rilmoqda. Yovvoyi o’simliklardan kovrak, oqkuray, yantoq, tuyaqorin, qamish va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, tulki, ilon, toshbaqa, kaltakesak va hokazolar yashaydi. Aholisi— asosan o’zbeklar, shuningdek, rus, qozoq, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 108 kishi. Shaharliklar 16 ming kishi, qishloq axolisi 32,9 ming kishi. Xo’jaligi. Do’stlik tumanida o’ndan ortiq shirkat xo’jaligi bo’lib, asosan paxta, g’alla, mevasabzavot, go’sht, sut yetishtiriladi. Sug’oriladigan yer maydoni 32,6 ming gektar, shundan 17 ming gektar yerga paxta, 12 ming gektar yerga g’alla ekiladi. Tumanda 350 dan ziyod dehqon fermer xo’jaligi, 80 dan ortiq firma va kichik korxona, 2 qo’shma korxona, o’simlik moyi ishlab chiqaruvchi “El”, “Erk”, “Nur” firmalari, MTP, 120 dan ortiq maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchasi, 45 savdo do’koni faoliyat ko’rsatmoqda. Tumanda tibbiyot bilim yurti, biznes maktabi, litsey, 17 umumiy ta’lim maktabi mavjud. Tennis korti, 16 sport majmuasi, 17 kutubxona, 150 o’rinli Markaziy kasalxona (tumanlararo jarrohlik markazi faoliyat ko’rsatmoqda), 9 qishloq vrachlik am-bulatoriyasi aholiga xizmat ko’rsatmoqda. Tuman markazida Xotira maydoni barpo etilgan. “Do’stlik” temir yo’l stantsiyasi bor. Do’stlik—Toshkent, Do’stlik— Samarqand, Do’stlik—Jizzax, Do’stlik — Guliston, Do’stlik — Arnasoy yo’nalishlarida avtobus va taksi qatnovi yo’lga qo’yilgan. “Do’stlik bayrog’i” tuman gazetasi 1000 nusxada muntazam chop etiladi.