DO’MBIRA

DO’MBIRA (tanbura so’zidan) — torli chertma xalq musiqa cholg’usi. O’zbek va qozoq Do’mbira turlari mavjud: 1) o’zbek Do’mbirasining dastasi silliq, pardalari belgilanmagan bo’ladi. Cholg’uning asosiy qismi (kosaxona va dasta) o’rik, tog’olcha yoki archa daraxtidan yaxlit tarzda, kosaxonasi o’yib ishlanadi. Pay torlari kvarta, kvinta, ba’zida oktava oraligida sozlanadi. Diapazoni taxminan 2 oktava bo’ladi. Asosan Surxondaryo, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari, shuningdek, boshqa viloyatlarning ayrim tumanlarida tarqalgan. Mazkur cholg’udan baxshilar xalq dostonlarini, termalarni kuylashda jo’rovoz sifatida, do’mbirakashlar esa “Cho’poncha”, “Do’mbira kuy”, “Baxshi kuy”, “Kelinoy”, “Qo’ng’iroti” kabi Do’mbira kuylarini ijro qilishda foydalanadilar. Tashqi ko’rinishi, tuzilishi va tembri Do’mbiraga o’xshash bo’lgan cholg’u sozlari oltoylarda (topshur), tojiklarda, afg’onlarda (do’mbiroq) mavjud; 2) qozoq do’mbirasining 2 asosiy turi mavjud. G’arbiy Qozog’iston Do’mbirasi noksimon, kosaxonasi o’yilgan, uzun va tor dastasida 13-14 parda bog’lanadi. Unda asosan Qo’rmang’ozi, Dauletkerey, Bayserke, Tattimbet, Qazang’ap kabi qozoq kuyshilari bastalagan cholg’u kuylari ijro etiladi. Sharqiy Qozog’iston Do’mbirasi uchburchak yoki kurakcha shaklida bo’lib, uning nisbatan keng va kalta dastasiga 7-9 parda bog’lanadi. Ko’proq oqinpar tomonidan jo’rovoz soz sifatida foydalaniladi. Qozoq Do’mbirasi ijro usullarining xilma-xilligi, ifodaviy imkoniyatlarining kengligi tufayli qozoklarning eng sevimli xalq xamda professional (18-asrdan) musiqa cholg’usiga aylangan. 1930- yillardan o’zbek va qozoq Do’mbirasining qayta ishlangan turlari (prima, Alt, tenor, bas, kontrabas) xalq cholg’ulari orkestrlari tarkibiga kiritildi. Ad.: Karomatov F., O’zbekskaya dombrovaya muzika, T., 1962.