DARAKCHI

DARAKCHI — qadimgi Sharq davlatlari armiyalarida maxsus topshiriqlarni ado etadigan va turli xabarlarni yetkazib turadigan shaxs, razvedkachi. Darakchilar savdogar, qalandar, tuyakash qiyofasida uzoq o’lkalarga borib, chet mamlakatlarning harbiy kudrati, urushga tayyorgarligi, chet el ayg’oqchilari, o’z mamlakatidan qochgan siyosiy aybdorlar haqida darak topib kelib, hukmdorlarga yetkazganlar. Ibn Arabshohning ta’kidlashicha, Amir Temur Darakchilar xizmatidan juda unumli foydalangan. Darakchilar chor-atrofda bo’layotgan hodisalardan Sohibqironni xabardor etganlar. Bozorlardagi narxnavolar, qishloq va shaharlardagi vaziyat haqida muttasil axborot yiqqanlar. G’anim tomonga jo’natilgan Darakchilar yovga tegishli yo’l, so’qmoq, notekis joylarning surati (chizmasi)ni keltirib, mudofaa istehkomlarining qaysi hudulda joylashgani, ularning nomlari, hukmdorlari, lashkarboshilari, ulug’lari, fozillari, boylari, kambag’allari to’g’risida batafsil ma’lumot bilan qaytganlar.

“DARAKCHI” — o’zbek va rus tillarida chiqadigan haftalik axborot gazeta. Ilk soni 1999 yil mart oyida Samarqand shahrida chop etilgan. “Darakchi” qisqa muddatda ommalashib, mamlakatdagi eng ko’p nusxali gazetaga aylandi. Unda yoshlar mavzusi, ularning dunyoqarashi, o’y-fikrlarini, xalqaro miqyosdagi voqealarni, sport xabarlarini yoritishga katta o’rin beriladi, jiddiy mavzudagi muammoli maqolalar ham keng yoritiladi. Gazeta tahririyatining xatlar, axborot va sport, tanlov bo’limlari bor. “Internet” orqali jahon axborot tarmog’iga ulangan. Adadi 200 mingdan ziyod (2002).