DARALITOG’

DARALITOG’ — Kalif-Sherobod qator tepalari (gryadasi) ning bir qismi, Sherobod dashtiga tutashgan. Surxondaryo viloyatida. Eng baland joyi 823 metr. Daralitog’ Talxobdaxana darasidan (Janubi-g’arbdan) Sho’rbuloqqacha 30 kilometrga cho’zilgan. Bo’r davrining gil, qumtosh, alevrolit va mergellaridan, paleogenning qumtosh va ohaktoshlaridan tuzilgan. Paleogenning ohaktoshlari (Buxoro yarusi) Daralitog’ning o’q qismiga to’g’ri keladi. Ohaktoshlar zich va qattiq bo’lganligi tufayli suvayirg’ich qismida qalqonsimon relef shakllari vujudga kelgan. Daralitog’ning Janubiy-Sharqiy yon bag’ri ancha tik. Quruq soylar bilan kuchli parchalangan va vaqtincha oqar soylarning Prolyuvial tekisliklari tog’oldida keng hududni egallagan. Dag’al to’q bo’z tuproqlarda shuvoq, biyurg’un, sho’ra, gulxayri, oqquray, qo’ng’irbosh, rang va boshqa efemerlar keng tarqalgan, bahor va kuzda pichan o’rib olinadi. Daralitog’ yaylov chorvachiligida foydalaniladi.