DO’L
DO’L — yumaloq yoki turli shakldagi muz parchalaridan iborat atmosfera yog’ini. Kattaligi 5-55 millimetr va undan ortiqroq, ba’zan tovuq tuxumidek ham bo’ladi. Yilning iliq vaqtlarida (temperatura 20° dan yuqori bo’lganda), odatda, to’p-to’p yomg’irli bulutlardan kunduzi jala bilan birga yog’adi. Yog’inning jadalligi 0,21 dan 60 millimetr/sekund o’rtasida o’zgarib turadi; 1 sekunddan to 50 minutgacha davom etishi mumkin. Cho’l mintaqalarida Do’l, odatda, mart—aprel, vodiylarda esa may— iyun oylarida yog’adi. Do’l qishloq xo’jaligiga katta zarar yetkazadi; ekinzor, tokzorlar, bog’larni nobud qiladi. Do’l keltiradigan zarar hajmi uning jadalligi va davom etish vaqtiga, do’l donalarining kattaligi, zichligi va tezligiga, shamolning kuchi va selning ko’lamiga, o’simlikning turi va rivojlanish fazasiga bog’liq. Do’l ayniqsa g’uza maysalari unib chiqqan va shonalash davrida, hosiddor mevali bog’lar va uzumzorlarga ko’proq zarar keltiradi. Kupgina mamlakatlarda Do’lga qarshi maxsus operativ kurash xizmati tashkil qilingan. Zenit artilleriyasi, raketalar va boshqa vositalar yordamida Do’l hosil qiluvchi bulutga kimyoviy reagent (odatda, kumush yod, karbonat kislota) sochiladi. Reagent o’ta sovugan tomchilarni muzlatadi va ularni mayda donachalarga aylantiradi. Mayda Do’l esa uz navbatida atmosferaning yerga yaqin qatlamlarida erib, yomg’ir tomchilari kurinishida yer yuzasiga yog’adi. Reagent yetkaziladigan joy (Do’l o’chog’i) radiolokator yordamida aniklanadi. Do’lga qarshi kurashning zamonaviy vositalarini amalda qo’llash qishloq xo’jalik ekinlari hosiliga yetkaziladigan zararni birmuncha kamaytirishga imkon tug’diradi. O’zbekistonda “Boshgidromet” tarkibida gidrometeorologik jaryonlarga faol ta’sir ko’rsatish boshqarmasining maxsus xizmati Farg’ona vodiysi, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarida Do’l xavfi bo’lgan 1 million gektarga yaqin maydondagi qishloq xo’jalik ekinlarini Do’ldan himoya qiladi (2002). Ad.: Opasnie gidrometeorologicheskie yavleniya v Sredney Azii [Pod Red. A. D. Djuraeva], L., 1977. Hamidulla Abdullayev.