DYAKOVO MADANIYATI
DYAKOVO MADANIYATI – yuqori Volga va Oka daryosi havzalarida yashagan qadimgi (miloddan avvalgi 1-ming yillikning 2-yarmi — milodning boshlari) fino’g’ur qabilalaridan qolgan arxeologik yodgorliklar. Birinchi marta Dyakovskoe qishlog’i (Moskva viloyati) da topilgani uchun shu nom bilan yuritiladi. Dastlab 19-asr oxirlarida o’rganilgan. Dyakovo madaniyati devor va xandaklar bilan o’ralgan kichik-kichik turar joylardan iborat. Ular patriarxal urug’chilik jamoa qishloqlari bo’lib, asosan, daryolarning tik qirg’oqlarida qurilgan. Aholisi ovchilik va baliqchilikdan dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullanishga o’tgan. Jez va temirchilikdan tashqari to’qimachilik va o’ymakorlik (suyak va shoxlarga naqsh solish) ham rivojlangan. Sopol idishlar qo’lda yasalib, katak naqshlar bilan bezatilgan.