DUNAYEVSKIY ISAAK OSIPOVICH

DUNAYEVSKIY ISAAK OSIPOVICH [ 1900.18(30). 1, Loxvisa, hozirgi Poltava viloyati — 1955.25.7, Moskva] — kompozitor, dirijyor, Rossiya xalq artisti (1950). Zamonaviy rus operetta hamda musiqali kinokomediya asoschilaridan, qo’shiq janrining yirik ustasi. 12 ta operetta, 3 balet, kantatalar, dramatik spektakllarga musiqalar yozgan. Ayniqsa, “Quvnoq yigit-qizlar”, “Darvozabon”, “Tsirk”, “Kapitan Grant bolalari”, “Boy kelin”, “Volga-Volga”, “Kuban kazaklari” kabi filmlar uchun yaratgan, simfonizm bilan yo’g’rilgan musiqalari va qo’shiqlari ommaviylashgan. Ijodiy uslubi kuychanlik va xatto garmoniyalari ohangdorligi, xilma-xilligi, jaz ritmlaridan unumli foydalanilganligi bilan ajralib turadi. Ommabop qo’shiq janrining yangi turlarini kashf etgan: qo’shiq — marsh (“Sport marshi”, “Entuziastlar marshi”, “Quvnoq shamol haqida qo’shiq” va boshqalar), qo’shiq — vals (“Maktab valsi”, “Vals kechasi”) va boshqalar. Dunayevskiyga bag’ishlangan “Dunayevskiy ohanglari” nomli film ishlangan (1963). O’g’li Maksim Dunayevskiy (1945, Moskva) — otasi an’analari davomchisi, “Emelyaning baxti” (1975), “Kapitan Grant bolalari” (1987) kabi myuzikllar, 30 dan ortiq filmlar (“Xayr, Meri Poppinz”, “Uch mushketyor” va boshqalar) ga esda qolarli musiqalar yaratgan.