DUSH
DUSH (italyancha doccia — suv quvuri) — suvning badanga zarb bilan urilishidan iborat suv muolajasi; gigienik va davolash maqsadida qo’llaniladi. Suv oqimining shakliga ko’ra yomg’irsimon (suv 1-2 ml li mayda naylardan otilib chiqadi), tsirkulyar (bunda birtalay ingichka suv oqimlari hamma tomondan bir tekis badanga uriladi), oqimli (Sharko Dush, 1-4 atmosfera bosimdagi suv oqimi navbatma-navbat badanning turli qismiga yo’naltiriladi) va boshqa Dush farq qilinadi. Suv temperaturasi sovuq (20°dan past), salqin (20-33°), iliq (34-38°), issiq (40° atrofida va undan yuqori) bo’lishi mumkin. Bir-biriga zid bo’lgan, ya’ni goh issiq, goh sovuq oqimli Dush shotland dushi deyiladi. Suv oqimining yo’nalishiga qarab bir tekis, ko’tariluvchi, tushuvchi, shuningdek, suv bosimiga ko’ra past (0,3—1 atmosfera), o’rtacha (1,5—2 atmosfera) va yuqori (3-4 atmosfera) bosimli Dushlar ajratiladi. Suv ichida o’tkaziladigan massaj-Dush ham muhim muolaja hisoblanadi. Bunda vannadagi issiq suvda yotgan kishining badani qo’l bilan emas, balki maxsus apparat orqali bosim ostida yuboriladigan suv oqimi bilan massaj qilinadi. Suvning temperaturasi va badanga urilishi Dushning fiziologik ta’sir etish negizidir. Nerv sistemasi va moddalar almashinuvining buzilishi bilan bog’liq funktsional kasalliklarda Dushdan davo maqsadida foydalaniladi.