DURANGO

DURANGO — Meksikadagi shahar, G’arbiy Serra-Madre tog’i etagida. Durango shtatining ma’muriy markazi. Aholisi 350 ming kishidan ziyod (1990-yillar o’rtalari). Muhim transport yo’llari tuguni. Konchilik (oltin, kumush, temir rudasi, qalay) va qishloq xo’jalik rayoni markazi. Metallurgiya, yog’ochsozlik, to’qimachilik, teri, oziq-ovqat sanoati korxonalari, Xuares universiteti (1933), shahar yonida yirik temir ruda konlari bor. Durangoga 1563 yilda asos solingan.

DURANGO — Meksikadagi shtat. Maydoni 119,6 ming kilometr kvadrat. Aholisi 1445 ming kishi (2000). Ma’muriy markazi — Durango shahri. Yirik shaharlari: Gomes-Palaso, Syudad-Lerdo. Shtatning sharqiy qismi Meksika tog’ligida joylashgan, Serra-Madre tog’lari uning g’arbini tinch okean sohilidan ajratib turadi. Iqlimi quruq, issiq, tog’larda mo”tadil iqlim, sernam. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 12°, yillik yog’in o’rtacha 450 millimetr. Tog’larda sanoat ahamiyatiga ega bo’lgan igna bargli o’rmonlar saqlangan. Durango agrar shtat, qishloq xo’jaligi yetakchi o’rinda. Oziq-ovqat (makkajo’xori, loviya) va texnika ekinlari ekiladi. Paxta tozalash zavodlari bor. Tog’oldi rayonlarida yog’och tayyorlanadi, kichikroq taxta tilish korxonalari joylashgan. Durangoda konchilik sanoati rivojlangan. Durango shahri yaqinida mamlakat qora metallurgiya sanoatining asosiy bazasi bo’lgan yirik temir ruda konlari bor. Oltin, kumush, qalay olinadi. Shosse va temir yo’l orqali mamlakatning shimol rayonlari va tinch okean bilan bog’langan.