DAFN MAROSIMI
DAFN MAROSIMI — marhumni ko’mish bilan bog’liq bo’lgan marosim va urf-odatlar. Dafn marosimi insoniyat paydo bo’lganidan buen geografik muhit, ijtimoiy hayot va kishilarning imkoniyatlari, shuningdek, tabiiy-ilmiy tasavvurlariga va dunyoqarashiga bog’liq holda o’zgarib borgan. Bundan 40-18 ming yil oldingi paleolit davridayoq Dafn marosimi oshkora liniy tus olgan. Keyinchalik Dafn marosimi har bir dinning tarkibiy qismi hisoblangan liniy marosim va urf-odatlar bilan qorishib ketgan. Dafn marosimi hamma xalqlarda o’ziga xos rasm-rusumlarga, qoidalarga ega. Masalan, slavyanlarda vafot etgan kishi bilan vidolashuv 3 kungacha davom etadi, marhum qabrga tobut bilan qo’yiladi. Hinduizm diniga e’tiqod qiluvchi xalqlarda, masalan, hindlarda marhum jasadini maxsus gulxanda kuydirib, kulini daryoga tashlaydilar. Dafn gulxani marhumning o’g’illari yoki eng yaqin qarindoshlari tomonidan yoqiladi. Keyinchalik gulxan o’rnida marhumga bag’ishlangan marosimlar o’tkaziladi. Parsizm (zoroastrizm) ga e’tiqod qiluvchi Janubiy Osiyodagi bir qancha xalqlar marhumning jasadini maxsus minoradaxmalarga qo’yib, quzg’unlarga yediradilar (shunday daxmalar Bombay shahrining g’arbiy chekkasida hozir ham bor). O’zbeklarda Dafn marosimi katta yig’in hisoblanadi. Marhumning boshini qiblaga qaratib yotqizib qo’yadilar. Ko’zlari ochiq qolgan bo’lsa, yumib qo’yadilar, engagini bog’laydilar, oyoqlarining bosh barmoqlarini birlashtirib bog’lab qo’yadilar. Marhumning qarindoshlari uzoq-yaqindan yig’ilib kelgunga qadar (ba’zan bir kecha-kunduzgacha) kutiladi. Mahalla, qishloqlarga dafn soati to’g’risida xabar beriladi. Yaqin qarindoshlar yig’ilishadi, uydagilar har bir yangi kelgan qarindoshlarga qo’shilib dam-badam marhumga madh aytib, uning fazilatlarini gapirib yig’lashadi. Dafn marosimi, odatda, bomdod, peshin yoki asrga mo’ljallanadi. Maxsus yuvuvchi (g’assol, murdasho’y) murdani sartaxtada yuvib (g’usl), oq mato (maxsus doka) dan qilingan kafanga o’raydi. Dafn marosimi qatnashuvchilari yig’ilib bo’lgach, mayyit tobutga olinadi. Tobut eshikdan emas, balki derazadan oyoq tomoni bilan chiqariladi. Masjidda yoki marhumning hovlisida janoza marosimi o’tkaziladi. Marhumni faqat erkaklar ko’tarib, hovlidan ko’chaga (agar marhum yosh bo’lsa amakilari yoki akalari, keksa bo’lsa o’g’illari yoki eng yaqin qarindoshlari) chiqarishadi. Ko’chada shoti singari yog’och Anbar ustiga tobutni qo’yib, to’rt kishi yelkasiga ko’taradi (marhumning yoshi va jinsiga qarab Anbar motam pardasi — keksa erkaklarga oq surp, ayollarga — oddiy mursak, paranji; yigitlarga qizil rangli yoki duxoba mato, juvon-qizlarga duxoba paranji yoki qizil duxoba mato bilan o’rab qo’yilgan), qolgan kishilar tobut ortidan boradi. Boshqalar ularga ko’maklashadi. Tobutkashlar tez-tez almashinib, tezlikda qabristonga olib boriladi. Qabristonga borgach, tayyorlab qo’yilgan go’r oldida marhum tobutdan olinib, kafanga o’ralgan holda go’rkovga uzatiladi, go’rkov uni go’rga yuzini qibla (G’arb) ga qaratib yotqizib qo’yib chiqadi (aksariyat yaqin qarindosh-urug’larni maxsus ajratilgan joyga — xilxonaga ko’mish odati ham bor). O’lik go’rga qo’yilgach, kishilar go’rkov tutgan ketmonga bir siqimdan tuproq tashlaganlar. Go’rkov tuproqni marhumning boshi ostiga to’kkan. So’ngra go’rning og’zi berkitilib, tuproq tortilgan. Dafn tugaganidan so’ng go’rkov yoki boshqa kishi Dafn marosimi qatnashuvchilariga murojaat qilib, o’likning nomini aytib: “qanday odam edi”, deb so’raydi, hozir turganlar esa “yaxshi odam edi” degan javobni beradilar. Bu so’roq va javob faqat erkaklarga taalluqli (xotinlar erining ixtiyorida bo’lgani uchun, xotinlarga yaxshi yoki yomon deb baho berishga erdan boshqa hech kimning haqi yo’q). Shundan keyin go’rkov xamma kelganlarga rahmat aytib, tarqalishga ruxsat beradi. Ba’zan dafnga kelganlarga pul, ro’molcha, sochiq, sovun, kiyimlik ulashiladi, bu odatni xayrot, isqot deb ataydilar. Mozorga borganlar marhumning uyiga kelib fotiha o’qib tarqaladilar. Ochil Bo’riyev.