“DONISHNOMA”

“DONISHNOMA” – Ibn Sinoning falsafiy asari. 1031-39 yillarda yozilgan deb taxmin qilinadi. Fors tilida yozilgan. “Donishnoma” Ibn Sinoning ko’p jildli “kitob ash-shifo” asarining qisqartirilgan nusxasi. “Donishnoma” 4 bo’lim: mantiq, metafizika (ilm ul-ilohiy), fizika va matematika (riyoziyot) dan iborat. Asar Ibn Sinoning dunyoqarashini aniqlashda muhim ahamiyatga ega. Unda mantiq ilmining mohiyati, tushunchalari, bilishdagi roli, ilmlar tasnifi, umumiy falsafiy tushunchalar, olamning mohiyati, vujudga kelishi, moddaning abadiyligi, harakati, umumiy tabiatshunoslik (naturfalsafa), geometriya, arifmetika, musiqa tushunchalari haqida qisqa va izchil fikr yuritiladi. “Donishnoma” birinchi marta 1891 yilda Haydarobodda nashr etildi. 1957 yilda dastlabki 3 bo’limi, 1967 yilda 4-bo’limi Dushanbada birinchi marta rus tilida chop etildi. “Donishnoma”ning bir qismi o’zbek tilida bosilgan.