DOR UT-TILOVAT
DOR UT-TILOVAT (Qur’on o’qiladigan, tilovat qilinadigan joy) — Shahrisabz markazida dor ussiyodat majmuasi g’arbida Temuriylar xonadoniga mansub qadimgi inshootlar — Shamsiddin kulol maqbarasi, gumbazi Sayyidon va madrasa o’rnida barpo etilgan ko’k gumbaz masjidishn iborat majmua joylashgan. Amir Temur tomonidan barpo etilgan maqbaraga 1370 yilda vafot etgan piri Shayx Shamsiddin Kulol, keyinchalik poyiga otasi Amir Tarag’oy dafn etilgan. Maqbara qurilishi Ulug’bek hukmronligi davrida nihoyasiga etgan. Uning qarshisida masjid, Janubda yana bir maqbara qad ko’targan. Maqbaradagi yozuvlarda “bu maqbara ulug’olimlarning olimi… (sultonlarning) a’losi… Qonunchilik va bilimda… din va e’tiqodda tengi yo’q oliy hazrat Sulton Ulug’bek Ko’ragoniyning farmoni bilan bunyod etildi, Alloh uning podshohligini va sultonligini uzoq qilsin, 841 yil hijriy” degan yozuv saqlangan. Maqbara ichida qo’shni qabristondan 15-18-asrlarda ko’chirib keltirilgan bir necha sag’analar bor. Ularning ayrimlaridagi yozuvlarda termizlik sayyidlarning nomi saqlangan. Hovli tomonga qaratib qurilgan masjid, maqbaralar va Dor ut-tilovat madrasasining darsxonasi, hujralari buzilib, o’rnini keyinchalik qurilgan qo’shimcha xonalar egallagan. Dor ut-tilovat majmuasida 18— 19-asrlarda qurilgan binolar ham bor, biroq ularni badiiy jihatdan Amir Temur va Ulug’bek davri me’morligi bilan qiyos qilib bo’lmaydi. 1994-96 yillarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar asosida jome masjidning ikki tarafidagi g’ishtin ravoqli ayvon qoldiqlari, madrasa, darvozaxona va minoraning poydevor qoldiqlari aniqlandi. Majmuaning tarixiy shaklini tiklash maqsadida masjid ayvonlari, madrasasining bir qismi, minora tiklandi. Ko’k gumbaz va gumbazi Sayyidonda ham ta’mir ishlari olib borildi.