DORBOZLIK
DORBOZLIK, dor o’yin — baland dor ustida tomosha ko’rsatish san’ati, tsirk san’ati janri. Dor ustida har qanday noturg’un holatda ham gavda muvozanatini saqlash mahorati namoyish etiladi. Dorbozlik taxminan 2,5 ming yil muqaddam Sharqda paydo bo’lgan, so’ng butun dunyoga tarqalgan. Dorbozlik dastlab past qurilgan, mashklari ham sodda bo’lgan. Davr o’tishi bilan dor tobora balandroq qurilib, o’yinlari murakkablasha borgan. Dorbozlik o’yinlari avval ochiq maydonlarda, 18-asr oxiridan esa tsirk sahnasida namoyish etiladigan bo’ldi va tsirk san’atining ajralmas qismiga aylandi, yangi taraqqiyot davrini boshladi. O’zbekistonda Dorbozlik qadim tarixga ega. Ba’zi manbalar Amir Temur saroyida ajoyib dor o’yinlari ko’rsatilganini tasdiqlaydi. Dorbozlik O’zbekistonning barcha yirik shaharlarida, ayniqsa Quva, Asakada taraqqiy etgan. O’tmishda o’zbek dorbozlari Xitoy, Hindiston, Afg’oniston, Eron, 18— 19 asrlarda Rossiyada o’z mahoratlarini namoyish etganlari to’g’risida ma’lumotlar bor. O’zbek dorbozlari 25 — 30 metr balandliqdagi ustunlarga qiya qilib tortiladigan arqon ustida langar-cho’p bilan bo’ladigan o’yinlarni: yugurish (olg’a, orqaga), sakrash, oyoqlarga pichoq yoki patnis bog’lab, shuningdek, ko’zni bog’lab, boshga xalta yoki qozon kiyib yurish, yakka va qo’sh chig’iriqda o’ynash kabi turli-tuman mashqlarni bajargan. Dor o’yinlari dor tagida raqqoslarning o’yinlari, qiziqchilar, askiyachilarning chiqishlari hamda an’anaviy tsirk turlaridan simdor, yog’ochoyoq, nayrangbozlik,besuyak, muallaqchilik, o’rgatilgan ayiq, ilon, maymun, ot, echki o’yinlari b-n birga olib borilgan. 20-asrda o’zbek Dorbozlik san’atini yangi mazmunda rivojlantirishda va an’analarni davom ettirishda Asaka darbozlari sulolasining atoqli namoyandasi Toshkanboy Egamberdiyevning xizmati juda katta, 20-asrning o’rtalaridan boshlab o’zbek dorbozlari repertuariga birmuncha o’zgarishlar kiritildi. Muhofaza vositalaridan foydalanish natijasida dor ustida yangi, murakkab o’yinlar ijro etila boshladi. Yakka kishi mashqlari bilan bir qatorda 2, 3, 4 kishi ijro etadigan mashqlar ko’rsatiladigan bo’ldi. Jumladan, ikki dorbozning bir-birini yelkasida yoki boshida turib dordan o’tishi, obkashning ikki tomonida o’tirgan dorbozlarni olib o’tish, dorda o’tirgan dorboz ustidan sakrab o’tish, umbaloq oshish, yelkasi bilan dorga tiralib, oyoqni tepaga cho’zish, ikki dorboz yelkasiga o’rnatilgan taxta ko’prikcha ustida tik turish va hokazolar. Bu kabi murakkab o’yinlar 1950-70 yillar faoliyat ko’rsatgan Shokirjon Toshkanboyev, Odamboy Ibrohimov, Usmonjon Nishonboyev, Ergash va Hakimjon Parpiyevlar, Qosim Abdullayev, Jo’raxo’ja Norxo’jayev rahbarligidagi jamoalarda namoyish etilgan. Hozirgi kunda Yunusali G’oziyev, Noibjon Hakimov, To’lqin Boltaboev, Ahadjon Murodov, Ahadjon Nabiyev, Anvar Mo’ydinov rahbarligidagi jamoalar Dorbozlik an’analarini davom ettirib kelmoqda. Dorbozlik san’atini rivojlantirish va targ’ibot qilish maqsadida muntazam ravishda dorbozlar ko’riktanlovi o’tkaziladi. Murod, Tohir va Behzod Toshkanboyevlar “uch kishilik ustun” o’yinini namoyish etmoqda. Mustaqillikdan so’ng o’zbek dorbozlari o’z san’atlarini dunyoning turli mamlakatlarida namoyish etmoqdalar. “O’zbekdavlatsirk” respublika birlashmasining Olimjon, Tohir va Murod Toshkanboyevlar rahbarligidagi “O’zbekiston dorbozlari” jamoalari qadimgi Dorbozlik an’analarini zamonaviy tsirkning badiiy ifoda vositalari bilan boyitib kelmoqda. Po’lat Toshkanboyev.