DINIY MUSIQA
DINIY MUSIQA – musiqa turi; diniy mazmundagi matn (she’r)lar asosida yaratilgan, shuningdek, diniy marosim va bayramlarda maxsus ijro etiladigan vokal yoki vokal-cholg’u musiqa jyanmaridan iborat. Ijtimoiy taraqqiyotning ilk bosqichlarida insonning mifologik va diniy dunyoqarashlari bilan bog’liq bo’lgan badiiy estetik faoliyati mahsuli — ijodiyot shakllari, jumladan musiqiy folklor namunalari vujudga kelgan. Sinkretik ko’rinishdagi tabobat, jodu aytimlari, marosim, mehnat, o’yin qo’shiqlari va boshqalar ma’lum ma’noda diniy mazmunga ega bo’lgan. Qadimgi davlatlar va jahon dinlari (buddizm, xristianlik, Islom) shakllanishi natijasida Diniy musiqa kasbiy musiqa darajasiga ko’tarildi. Keyinchalik, gumanizm g’oyalari ta’siri ostida ko’pgina Diniy musiqa janrlari dunyoviy mazmunga va sahnaviy-kontsert shakliga ega bo’ldi. Buddizm Diniy musiqasi muqaddas kitoblar — “Bxagavadgita”, “Rigveda”, “Samaveda”, “Atxarvaveda”, “Yajurveda” va boshqalarning madhiyalari yakkaxon yoki bir necha qo’shiqchi va cholg’u asboblari jo’rligida sanskrit tilida ijro etiladi. Hindiston, Xitoy, Yaponiya va Janubiy-Sharqiy Osiyo xalqlarida buddizm Diniy musiqasi negizida shakllangan mumtoz musiqa janrlari (masalan, hind ragalari, yapon gagaku va No musiqali teatrlari) keng tarqalgan. Xristianlikning turli tarmoqlari musiqasi bir-biridan shakl, ohang, tuzilishi va ijrochilik xususiyatlari jihatidan farqlanadi. Masalan, katolik cherkov musiqasi Grigorian xoraliga (7-8-asrlarda shakllangan) asoslanib, lotin tilida yakkaxon, organ cholg’usi yoki ko’p ovozli xor tomonidan (akapella uslubida) ijro etiladi, lyuteran cherkov musiqasi protestant xoraliga asoslanib, mahalliy tillarda (nemis, frantsuz, ingliz) cherkov xori yoki ibodat qiluvchilarning o’zlari tomonidan, organ va boshqa musiqa asboblari jo’rligida ijro etiladi. Protestant va katolik cherkov musiqasining keng tarqalgan shakllari: Psalom, motet, magnifikat, messa, oratoriya, Rekviem, passionlar. Rus pravoslav cherkov musiqasining asosiy turi znamenniy raspev (belgi bo’yicha kuylash) dastlab bir ovozli, 16-asrdan ko’p ovozli shaklda qadimgi slavyan tilida cholg’u jo’rligisiz ijro etiladi. Markaziy Osiyo xalqlari Diniy musiqasi zamirida Islom davrigacha keng tarqalgan zardushtiylik (miloddan avvalgi 3 — milodiy 7-asrlar), buddizm (Kushon podsholigi) va shomon-baxshilik (Turk xokrnligi) diniy-estetik qarashlari yotadi. Shomon-baxshilik (“ko’ch”, “qaytariq” va boshqalar) va zardushtiylik (“Avesto”ning gat — madhiyalar) ning ko’pgina unsurlari Islom an’analari bilan chatishib, hozirgi kungacha mazkur hududda yashayotgan xalqlar an’anaviy musiqa shakllarida saqlanib qolgan. Islom madaniyatida musiqa san’atiga munosabat turlicha bo’lgan. Shu jumladan, Qur’oni karimda musiqaning ta’sir kuchi yuksak darajada e’tirof etilgan bo’lsada, ayrim suralarda musiqa qat’iy inkor qilingan (makruh hisoblangan). Musiqaga bo’lgan ikki xil munosabat asrlar davomida saqlanib qoldi: shariat peshvolaridan bir guruhi (Kalobodiy Buxoriy, Imom G’azoliy, Ibn al-Arabiy va boshqalar) musiqaning joizligi haqida qator risolalar yozishgan holda, boshqa mutafakkirlar (Imom al-molik, Yassaviy, al-Mas’udiy Samarqandiy va boshqalar) musiqa (ohanglar)ning emotsional ta’sir jihatlarini mutlaqo inkor qilishgan. Hozirda Islom madaniyatida keng tarqalgan azon (namozga da’vat), qiroat (tajvid, tag’bir, tartil), shuningdek, ibodat, marosim paytida qo’llaniladigan boshqa aytim yo’llari (na’t, jaxr va boshqalar), ijro uslublari asl san’at shakllaridan musiqiy xususiyatlari (ohang, usul va boshqalar) bilan farqlanadi. Tasavvuf diniy-estetik ta’limoti Sharq mumtoz musiqasi, ayniqsa, maqom, katta ashula, dastgoh, qavalli, g’azzali janrlarining shakllanishiga ma’lum darajada ta’sir qildi. Yaqin va O’rta Sharqsa tasavvufning maxsus janri — zikryaing turlari (zikri jahriy, zikri xufiy, zikri adadiy, zikri dil va boshqalar) hamda qalandariy, Samandar, haqqoniy, xonaqoiy ijrochilik an’analari, shuningdek, maddohlik, qissaxonlik, g’azalxonlik (yassaviyxonlik, navoiyxonlik, bedilxonlik, mashrabxonlik) yo’llari keng tarqalgan. Diniy musiqa mahalliy bastakorlar ijodida (ayniqsa Amir Temur davridan boshlab) katta o’rin egallagan bo’lsa, Sho’rolar davrida batamom taqiqlanadi. Faqat mustaqillik yillaridagina O. Hotamov (A. Yassaviy, Chustiy, Xaziniy Huvaydo she’rlariga asarlar), O’. Rasulov (Mashrab, Nozikbibi Xo’qandi g’azallariga asarlar va boshqalar) kabi bastakorlar va ayrim kompozitorlar (M. Bafoev “Hajnoma”, F. Yanov-Yanovskiy, “Rekviem” va boshqalar) liniy mavzularda badiiy yetuk asarlar yaratishdi. Abdumannon Nazarov.