EVFEMIZM
EVFEMIZM (Yunoncha eirpegsha — yumshoq ifodalash) — so’zlovchiga aytish noqulay, noo’rin yoki qo’pol tuyulgan so’z va iboralarning sinonimi sifatida paydo bo’lgan so’zlar. Evfemizm salbiy voqelikni atashdan qochish, shunday voqelikning salbiy ta’sirini yumshatish uchun xizmat qilib, kishining izzatnafsiga tegadigan, unga malol keladigan, hurmatsizlik ifodalaydigan, axloqiy me’yorlarga zid keladigan holatlarning yoki to’g’ridan-to’g’ri aytish mumkin bo’lmagan maxfiy voqeliklarning salbiy ta’sirini kamaytirish, ularni yashirish, berkitish; noxush xabarni beozorroq, yumshoqroq shaklda etkazish, ifodalash uchun ishlatiladi. Masalan, o’ldi deyish o’rniga olamdan o’tdi, ko’z yumdi, vafot etdi; tug’di deyish o’rniga ko’zi yoridi, engillashdi kabi iboralardan foydalanish. Tilda Evfemizmning qo’llanishi tabu hodisasi bilan bog’liq holda tarixiy-etnografik hodisa sifatida shakllangan. Evfemizm xalqlardagi urf-odat, madaniy saviyaning darajasi, estetik did va etnik me’yorlarning rivojlanishi bilan bog’liq. Tilning taraqqiyoti bilan uning evfemistik qatlami ham rivojlanadi. Yangicha axloq-odob, yangicha dunyoqarash me’yorlari asosida Evfemizmning yangi yangi shakllari yuzaga keladi. Tilda muayyan nutq vaziyati talabi bilan vujudga kelgan Evfemizm ham mavjudki, ularning ma’nosi ko’pincha matn orqali oydinlashadi. Masalan, “Ra’noni egasiga topshirmagunimizcha, — dedi Nigor oyim, — quyilmaydiganga o’xshaydi” (A. Qodiriy) jumlasida nutq odobi nuqtai nazaridan erga bermoq iborasi o’rnida egasiga topshirmoq shaklidagi Evfemizm qo’llangan. Evfemizm ilmiy va rasmiy uslublarda keng qo’llanadi. Ad. Shomaqsudov A., Rasulov I., Qo’ng’urov R., Rustamov H., O’zbek tili stilistikasi, T., 1983; Omonturdiev A., O’zbek nutqining evfemik asoslari, T., 2000. Ne’mat Mahkamov.