EGEY MADANIYATI
EGEY MADANIYATI, Kritmiken madaniyati — Kiklad, Krit oroli, Yunonistonning materik qismi va kichik Osiyo (G’arbiy Anadolu) dagi jez davri tamaddunining umumiy nomi (miloddan avvalgi 3-2- ming yillik). Uning asosiy markazlari Miken (G. Shliman) va Krit (A. Evans) dagi qazishmalar natijasida ochilgan. Bir qancha lokal arxeologik madaniyatlarga ajratilgan: Kritdagi madaniyat, orolning afsonaviy podshosi Minosning nomi bilan Minoy madaniyati deb atalgan; Yunoniston materik qismining turli qismidagi madaniyatlar — Fessaliya, makedon, Ellada madaniyatlari; kichik Osiyodagi — g’arbiy Anadolu madaniyati; Kikladdagi — Kiklad madaniyati deb nom olgan. Egey madaniyati 3 davrga bo’linadi: ilk (Ellada madaniyati uchun — miloddan avvalgi 3000— 2100/1900 yillar, Minoy madaniyati uchun — miloddan avvalgi taxminan 3000-2200 yillar), o’rta (tegishli ravishda, miloddan avvalgi taxminan 2100/1900—1580 yil va miloddan avvalgi taxminan 2200-1700 yillar), so’nggi (tegishli ravishda, miloddan avvalgi taxminan 1580— 1200 yillar va miloddan avvalgi taxminan 1700— 1150 yillar). G’arbiy Anadolu va O’rta Yunoniston madaniyatlari mahalliy neolit davri madaniyati, Egey dengizi Sharqiy qismidagi orollar madaniyati asosida vujudga kelgan va Troya madaniyati ta’sirida taraqqiy etganlar. Egey madaniyati notekis rivojlangan. Uning markazlari turli davrda yuksalish va tanazzul davrini kechirgan. Ingliz arxeologi A. Evans Egey madaniyati bo’yicha tadqiqot ishlari olib borib, ko’p jildli ilmiy asarlar yaratgan. Egey madaniyatiga oid piktografik yozuvlarni o’rgangan. Egey madaniyatiga oid obidalar mahalliy aholining Misr va Old Osiyo bilan yaqin aloqada bo’lganini ko’rsatadi (Misr va Suriyada Egey san’ati yodgorliklari, Krit orolda esa Misr va Old Osiyo san’ati namunalari topilgan). Krit san’ati o’ziga xosligi bilan ajralib turadi. Egey madaniyatining muhim markazlaridan biri Knos shahridagi hukmdorlar saroyi (taxminan miloddan avvalgi 2000 yildan so’ng) qoldiqlari saqlangan. Saroy murakkab tarhli (16 ming metr kvadratga yaqin mayd.ni egallagan), ko’p marta qayta qurilgan, 3 qavatli bo’lib, xonalar ustunli, tor hovlili, yuqori qavatlarga zinapoyalardan chiqilgan. Miloddan avvalgi 2-ming yillikning 1-yarmiga mansub kichik saroy, podsho villasi, karvonsaroy, 2-3 qavatli turar joylar qazib o’rganilgan. Knos, AgiaTriadada mineral bo’yoq bilan ishlangan freska qoldiqlari topilgan, ularda akrobatika o’yinlari, suhbatlashayotgan ayollar, hayvon, o’simliklar aks ettirilgan. Ayniqsa, Krit vaza rassomligi diqqatga sazovor. Suyak haykalchalar ko’p ishlangan. Miloddan avvalgi 3-ming yillik va 2-ming yillikning boshlarida Kikladda marmar ayol haykalchalari ishlash, sopol idishlar san’ati rivojlangan. Tirinf akropoli — mustahkamlangan tepalik (miloddan avvalgi 2-ming yillikning o’rtalari) da bino qoldiqlari saqlangan; bu bino qadimiy yunon ibodatxonalariga namuna bo’lgani ko’rinadi. Devoriy rasmlarda jang lavhalari aks ettirilgan. Mikenda relef bilan bezatilgan “Sherdor darvoza”, usti tuproq bilan gumbazsimon qilib yopilgan maqbara saqlangan. Maqbaralardan topilgan oltin va kumush bezak buyumlari zargarlik rivojlanganligidan darak beradi. Miloddan avvalgi 2-ming yillikning oxirlarida doriy qabilalari hujumi oqibatida Egey madaniyati markazlari vayron qilingan. Egey san’ati yunon san’atiga samarali ta’sir ko’rsatgan.