EGIZAKLAR
EGIZAKLAR — ona organizmida bir vaqtda rivojlangan 2, 3 yoki undan ortiq homila. Egizaklar tug’ilishida irsiy omillarning ham roli katta. Egizaklarning bitta tuxumdan (bir tuxumli Egizaklar) yoki 2 ta (ba’zan undan ham ko’p) tuxumdan rivojlanadigani ma’lum (ikki tuxumli Egizaklar). Bir tuxumli Egizaklar 2 yadroli tuxum hujayraning spermatozoid bilan otalanishidan yoki 2 yadroli spermatozoid bir yadroli tuxum-hujayrani otalantirishi natijasida rivojlanadi. Ba’zan tuxumhujayralar 3 ta, 4 ta (va undan ortiq) yadro tutsa, uchta to’rtta va hokazolar. Egizaklar rivojlanishi mumkin. Bir tuxumdan rivojlanadigan Egizaklar plasentasi bitta, ularning jinsi (faqat qiz yoki faqat o’g’il bolalar), qon gruppalari bir va tashqi qiyofasi bir-biriga juda o’xshash bo’lib, hatto eng yaqin kishilari ham ularni bir-biridan aniq ajrata olmaydi. Ikki tuxumli, ya’ni har xil tuxumdan rivojlanadigan Egizaklar bir vaqtda yetilgan va alohida urug’lar bilan otalangan 2 va undan ortiq tuxumhujayradan hosil bo’ladi; plasentasi alohida-alohida, bir yoki har xil jinsli bo’lishi mumkin. Irsiy jihatdan ular “akauka”, “opasingil”, “akasingil” dek o’xshash bo’lib, ikki va ko’proq tuxumlar bir vaqtda yetilgandagina paydo bo’ladi. Ona qornida Egizaklar rivojlanayotganligini asosan homiladorlikning ikkinchi yarmidagina homilada yurak urishi yeshitilishi vaqtida aniqlash mumkin; homilador organizmida bir qator o’zgarishlar, ko’pincha toksikoz belgilari, vaqtidan oldin tug’ib qo’yish kabi holatlar ham kuzatiladi. Shuning uchun egizak tug’ish ehtimoli bo’lgan ayollar tez-tez ayollar konsultatsiyasiga borib turishlari va tug’ishdan 7-10 kun ilgari tug’ruqxonaga kelib yotishlari lozim. Ko’p homilalik normal kechganda tug’ruq vaqtida deyarli hech qanday asoratlar kuzatilmaydi (qog’onoq suvining vaqtdan ilgari ketib qolishi, sust dard tutishi va boshqalar noxushliklar bundan mustasno). Ko’pincha Egizaklarning vazni va bo’yi bir-biridan farq qilishi mumkin, bu, asosan, plasentadan kelgan oziq moddaning teng taqsimlanmaganligi bilan bog’liq. Vaqtidan oldin tug’ilgan Egizaklarni avaylab parvarish qilish talab etiladi (Go’dak, chala tug’ilgan bola). Egizaklarni ovqatlantirish muhim ahamiyatga ega, ularni emizganda navbatma-navbat goh u ko’krakni, goh bu ko’krakni berish, ko’krak suti yetmasa, chaqaloqlarga mo’ljallangan sutli omixtalardan foydalanish zarur. Egizaklarni ovqatlantirish va parvarish qilish albatta bolalar vrachi maslahatiga ko’ra olib boriladi.