EKVATORIAL MINTAQA

EKVATORIAL MINTAQA — ekvatorning har ikki yonida 5-8° shahrik. dan 4-11° j.k.lar oralig’ida joylashgan geografik mintaqa; shimol va Janub tomonlardan subekvatorial mintaqalar bilan chegaradosh. Ba’zi tadqiqotchilar Ekvatorial mintaqani tropik mintaqaga kiritadilar. Iqlimi quyosh energiyasining ko’p tushishiga bog’liq ravishda shakllangan. Ekvatorial mintaqada yil bo’yi havo issiq (24-28°), yog’in ko’p (1500-3000 millimetr, shamolga ro’para yon bag’irlarda 10000 millimetrgacha). Yog’in miqdori bug’lanishdan ko’p bo’lganligi sababli namlik juda yuqori. Daryolari sersuv, suv sarfi deyarli o’zgarmas. Materiklarning bu mintaqadagi qismlarida fasllar bir-biridan farq qilmaydi, biokimyoviy va tabiiy jarayonlar jadal ro’y beradi. Nurash, kimyoviy nurash jarayoni kuchli, nordon qizg’ishsariq ferralit (laterit) tuproqlar tarqalgan. Tuproqlari tarkibida gumus kam, temir va alyuminiy gidroksidlariga boy. Tuproqlardagi mikroorganizmlar va mayda jonivorlar juda faol. Biroq temperatura va yog’ingarchilikning yuqoriligi sababli chirindili qatlam yuvilib ketishi natijasida tuproq unumdorligini tez yo’qotadi. O’simlik va hayvonot dunyosi benihoya xilma-xil va qadimiy turlarga boy. Tabiiy holda hammayoq doim yashil o’rmonlar bilan, dengiz va ocean sohillari mangr chakalakzorlari bilan qoplangan. Xo’jalikda katta foyda keltiruvchi o’symliklar — kauchuksimonlar, kakao va non daraxtlari, turli xil palmalar, qimmatbaho qizil yog’ochli daraxtlar va boshqalarga boy. Hayvonlari o’rmon sharoitiga moslashgan, asosan, daraxtlarda hayot kechirady (maymun, yalqov, mushuksimonlar va hokazolar). Yerda tapir, karkidon, begemotlar yashaydi. Qush, sudraluvchi va hasharotlar turi ko’p. Gileya zonalarida 2 ta kichik zona: doimiy sernam ekvator o’rmonlari va qisqa quruq mavsumli ekvator o’rmonlari zonasi mavjud. Qisqa quruq mavsumli o’rmonlar zonasi mintaqaning kontinental passatlar ta’sir ko’rsatuvchi Sharqiy va chekka qismlarida tarqalgan. Ba’zi hududlarda o’rmonlar kesilib, ekin maydonlari va plantatsiyalarga aylantirilgan. Sernam ekvatorial o’rmonlarda aholi, asosan, o’rmonchilik, baliq ovlash, ovchilik va qisman dehqonchilik bilan shug’ullanadi. Ekvatorial mintaqa tog’larida ham temperatura va yog’inning yil davomida deyarli bir maromda taqsimlanishi xos. Balandlik ortgan sari temperaturaning pasayishi, yog’in miqdori va havoning siyraklashuvi natijasida 3 ta tog’ gileya mintaqasi ajratiladi. Ulardan yuqorida balandtog’ ekvator yaylovlari va nival mintaqa joylashgan. Ekvatorial mintaqadagi okeanlarda quyosh radiatsiyasi quruqlikdagidan yuqori. Bulutli kunlar, yog’in juda ko’p bo’ladi, kuchsiz shamollar esadi. Okean yuza qatlamidagi suvlarning sho’rligi dunyo okeani o’rtacha sho’rligidan kam, plankton ko’p.