EKZEMA

EKZEMA (Yunoncha — pufakcha, toshma), gush — terining allergik kasalligi. Nerv va endokrin sistema faoliyatining buzilishi, organizmda surunkali infektsiya manbai bo’lishi (tonzillit, gaymorit va boshqalar), shuningdek, me’da-ichak kasalliklari oqibatida organizm sezuvchanligining ortishi va boshqalar Ekzemaga sabab bo’ladi. Ekzema o’tkir boshlanib, keyin surunkali tus olishi va qaytalashi mumkin. Ekzemaning oddiy (vulgar), surunkali, kontaktli, mikrobli va hokazo shakllari bor. Oddiy Ekzema o’tkir kechganda kasallik to’satdan boshlanadi. Dastlab teri qichishadi, qizarib, bir oz shishadi va unda tariqdek tugunchalar, po’sti yupqa pufakchalar paydo bo’ladi. Bemor qashinganda pufakchalar tez yorilib, ulardan tiniq suyuqlik chiqadi. Toshmalar suvlanishi natijasida yangi pufakchalar hosil bo’laveradi (nam Ekzema). Keyin suvlanish kamayadi, toshmalar usti qotib, 3-5 kundan keyin tushadi. Toshmalar o’rni uzoq vaqt qipiqlanib, po’st tashlab turadi. Ekzemada ba’zan zararlangan teri suvchirab, atrofida mayda tugunchalar, pufakchalar hamda qipiqlanadigan tangachalar vujudga keladi. Yallig’langan joyga infektsiya tushsa, yiringlaydi. Surunkali Ekzemada zararlangan teri asta-sekin qalinlashib ko’karadi, po’st tashlaydi, qipiqlanadi. Ko’pincha (o’tkir Ekzemadagidan kamroq) mayda tuguncha va toshmalar ham kuzatiladi. Toshma aksari yuzda, qo’l, oyoq barmoqlarida, bo’yin va tanosil a’zolarida uchraydi. Bu xil Ekzema qo’zib, o’tkir Ekzemaga aylanishi, toshma butun tanaga tarqalishi ham mumkin. Kontaktli Ekzema aksariyat terining turli omillarga ta’sirchanligidan kelib chikadi, barmoklar, bilak va yuz terisida uchraydi, dastlab toshma toshib, teri shishadi va suvsizlanadi. Mikrobli Ekzema ko’proq yuzaki piodermiya ikkilamchi yallig’lanib, Ekzemaga aylanganda, oqma yara, kuygan joy va chipqon atrofida yuzaga keladi. Bu Ekzema tizza, barmoqlar, yuz terisi va sochda kuzatiladi. Ayrim hollarda (piodermiya va boshqalar teri kasalligi bor bemorlarda) Ekzemaning bu turi qichishib, usti qipiqlanadigan katta-kichik dumaloq yoki cho’zinchoq dog’lar ekzematidlar shaklida yuzaga keladi. Toshmalar angina, gripp, o’tkir ichak kasalliklaridan so’ng ham paydo bo’lishi mumkin. Seboreyali Ekzema (moyli gush) ko’proq soch, yuz, bo’yin, qo’ltiq, taqim va boshqalar soha terisida bo’ladi. Kasallangan terida moylangandek yaltiroq, usti qipiqli sarg’imtirqizg’ish dog’lar hosil bo’ladi. Bosh qichiydi, kepaklanadi, ko’z milklari qizarib, shishadi. Kasallik uzoq cho’ziladi. Bolalar Ekzemasi ekssudativkataral diatez bilan og’rigan bolalarda kuzatiladi. Aksariyat chillasi chiqmagan go’daklarda uchrashi tufayli “chilla yara” ham deyiladi. Bolaning boshi, yuzi, ko’kragiga toshma toshib, suv ochadi, qattiq qichishadi, boshida qasmoq ko’payib, terisi qizarib, yallig’lanadi. Toshma sog’ teriga ham tarqashi mumkin. Bolalar gushi, odatda, bolani noto’g’ri ovqatlantirish natijasida kelib chiqadi. Ko’pincha Ekzema bilan og’rigan bemor va uning ota-onalarida ayrim ovqat mahsulotlari: baliq, tuxum, tsitrus mevalar, shuningdek, uy changi, gul hidi, kir yuvish poroshogi, biror doriga nisbatan o’ta sezuvchanlik aniqlanadi; bu xildagi omillar kasallik paydo bo’lishi yoki uning bot-bot qo’zib turishiga sabab bo’ladi. Noto’g’ri ovqatlanish, asabiylashish, ruhiy iztirob va boshqalar noxush omillar ta’sirida kasallik zo’rayishi va sog’ teriga tarqalib ketishi mumkin. Ekzemani vrach davolaydi. Sut, o’simlik mahsulotlaridan tayyorlangan parhez taomlar tavsiya etiladi; sho’r, achchiq, dudlangan ovqatlar va spirtli ichimliklarni cheklash, shuningdek, uglevodlarni imkoni boricha kam iste’mol qilish lozim. Ekzema bo’lgan bemor vaqtincha kasallangan joyiga suv, sovun tekkizmasligi kerak. Ekzemasi bor kishilar vaqtida uxlab, vaqtida dam olishi, ko’proq sayr qilib organizmni chiniqtirishi va to’g’ri ovqatlanishi zarur. Ekzemaning oldini olishda ovqatlanish rejimiga rioya qilish; Ekzema paydo bo’lishiga olib keladigan omillarni bartaraf etish, ichki kasalliklar bo’lsa, vaqtida davolatish ayniqsa muhim.