ESHITISH ANALIZATORLARI
ESHITISH ANALIZATORLARI, eshitish sistemasi — tovush tebranishlarini eshitish organlari orqali sezib, tahlil qiladigan mexanik retseptorlar va nerv tuzilmalari majmui. Eshitish analizatorlarining tuzilishi, ayniqsa, uning periferik qismi odamda va hayvonlarda farq qiladi. Eshitish analizatorlari hasharotlarda timpanal organ, suyakli baliqlarda suzgich pufagi hisoblanadi. Suzgich pufagining tebranishi veberov apparatiga, undan ichki quloqqa o’tadi. Suvda hamda quruqlikda yashovchilar, sudralib yuruvchilar va qushlarning ichki qulog’ida qo’shimcha retseptor hujayralar (bazilyar membranalar — papillalar) rivojlanadi. Yuksak umurtqalilar, jumladan, ko’pchilik sut emizuvchilarda Eshitish analizatorlari tashqi, o’rta va ichki quloq, shuningdek, eshitish nervi hamda ketmaket tutashgan nerv markazlaridan iborat. Eshitish analizatorlari Markaziy bo’limining rivojlanishi ekologik omillar va Eshitish analizatorlarining hayvonlar xattiharakatidagi ahamiyati bilan bog’liq. Eshitish nervi tolalari chig’anoqdan nerv markazlaridan biri — koxlyar yadrolariga boradi; chap va o’ng koxlyardan chiqadigan nerv tolalari Eshitish analizatorlarining ikki yoni bo’ylab simmetrik joylashgan bo’lib, yuqori Olivaga kelib tutashadi. Tovush tebranishlarini aniqlashda chig’anoq to’sig’i asosiy ahamiyatga ega. Bu to’siq tovushni mexanik spektral analiz qiladigan, chig’anoq to’sig’i bo’ylab qator joylashgan filtrlasheshitish reseptorlaridan iborat. Retseptorlar 0,1 dan 10 nm diapazondagi tebranishlarni qabul qiladi. Eshitish analizatorlari Markaziy bo’limida joylashgan neyronlar muayyan tovush tebranishlariga sezgir. Eshitish analizatorlarining nerv elementlari tovush tebranishlari bilan birga tovush kuchi, davomiyligi va boshqalar xususiyatlariga ham ta’sirchan. Markaziy nerv sistemasi va, ayniqsa, uning yuqori qismi neyronlari tovushning murakkab belgilari (masalan, tovush amplituda modulyasiyasi chastotasi, yo’nalishi va harakati)ga sezgir bo’ladi.