ESHAK

ESHAK — otlar urug’ining toq tuyoqli sut emizuvchilar kenja urug’iga mansub hayvon. 5-6 ming yil avval dastlab qadimiy Misrda xonakilashtirilgan. Jahon bo’yicha boqiladigan Eshaklar soni 43,4 million boshni tashkil etadi. Misr, Efiopiya, Nigeriya, Braziliya, Eron, Pokiston, Ispaniya va boshqalar mamlakatlarda ko’p boqiladi. Somali, Efiopiyada tarqalgan, bo’yi 100-120 santimetrli Afrika yovvoyi Eshaki xonaki Eshaklarning urug’boshi hisoblanadi. Xonaki Eshaklar 2 zot guruhini tashkil qiladi: Afrika va Osiyo (jumladan, Qozog’iston, O’rta Osiyo, Kavkaz)da tarqalgan mayda jaydari hamda Xitoy (Shandun provintsiyasi)da tarqalgan yirik Eshaklar — zd zotdor Eshaklari (bo’yi otlar kabi 145-160 santimetr). Bulardan, asosan, Yevropaning Janubdagi va Amerika mamlakatlarida yirik xachirlar olish uchun foydalaniladi. Eshaklar qulog’i uzunligi, tuyog’i torligi, dumi ingichka, kalta va faqat uchida uzun juni borligi bilan otlardan farq qiladi. Jaydari zot Eshaklar tuzilishi pishiq, bo’yi o’rtacha 100 santimetr atrofida, tanasi ingichkaroq, boshi katta, quloqlari uzun, bo’ini to’g’ri, kalta, tik o’sib chiqqan kalta yoli bor, beli to’g’ri, ko’kragi tor, sag’risi qisqa, tusi kulrang, ovqat va joy tanlamaydi, ishga chidamli, yuqumli kasalliklarga chalinmaydi. Tog’li rayonlardagi yurish qiyin bo’lgan joylarda, cho’lyaylovlarda minish va yuk tashish uchun foydalaniladi. Eshak 70-80 kilogramm, aravaga qo’shilganda 2,5 tonnagacha yuk tashiydi. Jaydari Eshaklar har xil o’to’lanlar, xashak, arpa, zd zotlari esa pichan, kuchli va sersuv ozuqalardan iborat to’la rasion bilan boqiladi. 18-30 yil yashaydi, xo’tiklar 2 yoshidan boshlab qochiriladi, bo’g’ozlik davri o’rtacha 380 kun, 2 yoshidan xo’jalik ishlarida foydalanish mumkin. Ad.: Lakoza I.M., Shchekin V.A., Verblyudovodstva i Osnovm oslovodstvo i muloproizvodstva, M., 1964. Abdusattor Amirov.