ESHAKEMI

ESHAKEMI, urtikariya — teriga, ba’zan shilliq qavatlarga toshmalar toshishi bilan kechadigan kasallik. Organizmning allergik reaktsiyasi, ayrim ovqatlar (tuxum, shokolad, qulupnay, mandarin) va dorilar (antibiotiklar, sulfanilamid preparatlar, xinin va boshqalar) ga nisbatan sezuvchanlikning ortishi, hasharotlar (ari, chayon) chaqishi, gul hidlash yoki biror o’simlik (qichitqi o’t) tegib ketishi tufayli vujudga keladi. Bir necha soatdan keyin Eshakemi batamom yo’qoladi, ba’zan qaytalanib turadi. Eshakemining botbot qo’ziydigan surunkali shakli oylab cho’ziladi; bu, odatda, organizmda moddalar almashinuvi va me’daichak faoliyatining buzilishi, jigar, buyrak kasalliklari; gijja kasalligi va sekin kechadigan o’choqli infektsiyalar: murtak bezi, burunning yondosh bo’shliqlari va quloqning yallig’lanishi (tonzillit, gaymorit, otit) bilan bog’liq. Kishilarning issiq yoki sovuqqa nisbatan sezuvchanligining ortishi ham surunkali Eshakemiga sabab bo’ladi. Kasallik to’satdan boshlanadi: badanga shakli har xil, kattakichik, och qizg’imtir qavariqlar toshib, qattiq qichishadi; teridan bo’rtib chiqib turadi; ular tezda kattalashib, bir-biriga tutashib ketadi; palaxsapalaxsa bo’lib chiqqan toshmaning o’rtasi oqaradi; bemor lohaslanadi, temperaturasi ko’tariladi. Ba’zan teridagi Eshakemi toshmalari juda yirik bo’lib (yirik Eshakemi yoki Kvinke shishi), bunda yumshoq tanglay, halqum va ichki a’zolarning shilliq qavatlari ham shishishi mumkin. Eshakemining bu shakli og’irroq kechadi. Davo vrach ko’rsatmasiga binoan olib boriladi. Suto’simlik mahsulotlaridan tayyorlangan parhez taomlar (tuz va qand mikdori kam) buyuriladi; allergik reaktsiya beradigan tuxum, shokolad, limon, shuningdek, qazi, kolbasa, spirtli ichimliklar va achchiq ovqatlar iste’mol qilmaslik; ichaklarning normal yurib turishini ta’minlash lozim. Eshakemining oldini olishda eng asosiysi odam o’ziga yoqadigan yoki yoqmaydigan ovqat hamda dorilarni ajrata bilishi va yoqmaydiganini iste’mol qilmasligi zarur.