EFFEKTORLAR

EFFEKTORLAR (lotincha — yaratuvchi, ijod qiluvchi) — 1) fiziologiyada faoliyati refleks bilan bog’liq bo’lgan ijrochi organ; organizmning qo’zg’atuvchiga nisbatan javob reaktsiyasini ta’minlaydi. Effektorlarga muskullar, bezlar, buyrak, elektr va boshqalar organlar kiradi. Odatda, refleks polieffektor xususiyatga ega bo’lib, uning amalga oshirilishida birdaniga bir necha xil Effektorlar qatnashadi. Bu hol refleksning tavsifi va uning biologik mohiyati bilan bog’liq (masalan, jismoniy mehnat qilinganida — muskullar, yurak, qon tomirlari, ichki sekresiya bezlari va boshqalar organlar faollashadi). Effektorlar ishini refleksning nerv markazlari boshqaradi. Ontogenez va filogenezda Markaziy boshqarilish mexanizmi ham takomillashib boradi; 2) biokimyoda — moddalar almashinuvining fermentlarga ta’sir ko’rsatadigan va ular faoliyatini kuchaytiradigan yoki kamaytiradigan mahsulotlari; 3) genetikada — repressor bilan birikib, uning operatorga ta’sirini boshqaradigan quyi molekulali moddalar. Agar Effektorlar repressorga birikkanida repressorning operatorga ta’siri to’xtab, operator transkripsiyasi davom etadigan bo’lsa, uni induktor deb ataladi. Agar Effektorlar faol bo’lmagan repressorga birikib, uni operatorga ta’sir ko’rsatadigan va operator transkripsiyasini to’xtadigan faol shaklga o’tkazsa, unga korepressor deyiladi.