Ozod Sharafiddinov (1929-2005)
Sharafiddinov Ozod Obidovich (1929.1.3, Qo‘qon shahri, Oxunqaynar qishlog‘i – 2005, Toshkent) — adabiyotshunos olim, tanqidchi. O‘zbekiston Qahramoni (2002). Filologiya fanlari nomzodi (1954), professor (1979). O‘rta Osiyo universitetini tugatgan (1951). ToshDUning o‘zbek filologiyasi fakultetida dotsent, professor (1955— 95), «Tafakkur» jurnalida bosh muharrir o‘rinbosari (1996—97), «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri (1997 yildan) bo‘lib ishlagan.
Ozod Sharafiddinov 20-asrning 60-yillaridan adabiyotshunos sifatida tanilgan. «Zamon. Qalb. Poeziya» (1962) kitobida adabiy asarlarni badiiylik qonuniyatlari nuqtai nazaridan tadqiq etgan. Uning tadqiqotlari adabiyotni milliy g‘oyalar va adabiy qonuniyatlar asosida tahlil qilishga bag‘ishlangan. «Adabiy etyudlar» (1968) kitobida ijodkor shaxsi va uning badiiy asardagi o‘rni masalalari talqin qilingan. «Yalovbardorlar» (1974), «Iste’dod jilolari» (1976) to‘plamlariga kiritilgan ilmiy maqolalari adabiy ijoddagi an’analar, mumtoz adabiyotni o‘rganish vositalari va jahon adabiyotini o‘rganish muammolari haqida. Ozod Sharafiddinov o‘zbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligida milliy va jahon adabiyoti an’analarini uyg‘un qabul qilish tamoyillarini boshlab berdi.
Ozod Sharafiddinov «Birinchi mo‘jiza» (1979), «Talant — xalq mulki» (1979), «Adabiyot — hayot darsligi» (1980), «Hayot bilan hamnafas» (1983), «Go‘zallik izlab» (1985) asarlarida o‘zbek she’riyati, nasri va tanqidchiligining muqim muammolarini yoritgan.
Ozod Sharafiddinovning munaqqidlik faoliyatida 2 davr ko‘zga tashlanadi. Birinchi davr sho‘ro totalitar tuzumida kechgan bo‘lib, unda adabiyotni totalitar mafkura g‘oyalaridan himoya qilish, adabiy qonuniyatlar asosida tadqiqotlar olib borish muammolari tadqiq etilgan («Zaharxanda qahqaha», 1962; «Hayotiylik jozibasi, sxematizm inertsiyasi», 1979; «Yurtin madhi bo‘ldi so‘nggi satri ham», 1979; «She’r ko‘p, ammo shoirchi?», 1983).
Ikkinchi davr munaqqid faoliyatida asosiy davr bo‘lib, u istiqlol yillaridagi ijodini qamrab oladi. Bu davrda Ozod Sharafiddinov milliy adabiyotni shakllantirish muammolari, o‘zbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligini qayta qurish, jahon adabiyoti an’analarini o‘zlashtirish hamda tarjima san’atini yuksaltirish masalalarini tadqiq etgan («Bir tilda gaplashaylik», 1987; «Mag‘zi puch so‘zlardan bir tosh nari qoch», 2000; «Qaydasan, Moriko», 2002).
Ozod Sharafiddinov o‘zbek adabiyotini jahon adabiyoti bilan uyg‘un tarzda o‘rganish an’anasini boshlab bergan. Ozod Sharafiddinovning «Istiqlol fidoyilari» (1993), «Sardaftar sarlavhalari» (1999), «Ma’naviy kamolot yo‘llarida» (2001) kitoblarida Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Usmon Nosir, Abdulla Qahhor, Oybek, G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda, Otajon Hoshimov ijodi yangicha nuqtai nazardan tahlil etilgan. «Cho‘lponni anglash» (1993) asarida esa yangi o‘zbek tanqidchiligi 20-asrda bosib o‘tgan murakkab yo‘lni talqin, tahlil qilgan, ko‘plab munaqqidlar ijodi, estetik printsipini Cho‘lpon ijodiga munosabat nuktai nazaridan yoritgan. Ozod Sharafiddinov «20-asr o‘zbek adabiyoti tarixi» o‘quv dasturi (1997), «20-asr o‘zbek adabiyoti» (1999) darsligi mualliflaridan.
Ozod Sharafiddinov ijodining cho‘qqisi «Ijodni anglash baxti» (2004) kitobidir. Unda o‘zbek adabiyotining jahon adabiy jarayonida tutgan o‘rni va ilmiy-ma’naviy o‘zanlari tadqiq etib berilgan.
Ozod Sharafiddinov tarjima san’atiga tanqidchilik kontseptsiyasini olib kirdi. L. Tolstoyning «Iqrornoma», P.Koeloning «Al-Kimyogar», A.Sevelaning «To‘xtating samolyotni, tushib qolaman» asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qildi.
Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1970), «Mehnat shuhrati» (1997), «Buyuk xizmatlari uchun» (1999) ordenlari bilan mukofotlangan.