EKOLOGIK VALENTLIK
EKOLOGIK VALENTLIK — turning o’zgaruvchan muhit sharoitiga moslanish darajasi. Miqdoriy jihatdan muhit sharoitining mazkur tur hayot faoliyati saqlanib qoladigan chegarada o’zgarishi bilan ifodalanadi. Ekologik valentlikga turning bitta alohida omilga yoki bir qancha omillar kompleksiga nisbatan reaktsiyasi sifatida qarash mumkin. Muayyan omilning keng ko’lamda o’zgarishiga chidamli turlar “evri” qo’shimchasi orqali belgilanadi (masalan, evritermlar — harorat ta’siriga, evrigalinlar — sho’rlanishga nisbatan va hokazolar). Mazkur omilning tor ko’lamda o’zgarishiga chidamli turlar “steno” qo’shimchasi bilan ifodalanadi (masalan, stenotermlar, stenogalinlar). Kompleks omillarga nisbatan keng ko’lamdagi Ekologik valentlikga ega bo’lgan organizmlar evribiontlar, buning aksi stenobiontlar deyiladi. Evribiontlik turning turli xil yashash joyini egallashiga imkon bersa, stenobiontlik esa tur tarqalishi joyining keskin kamayishiga olib keladi. Bu tushunchalar turga nisbatan evritop va stenotip deb ataladi.