EKOLOGIYA
EKOLOGIYA (Yunoncha — uy, turar joy va …logiya) — organizmdan har xil darajada yuqori turadigan sistemalar; populyatsiyalar, biosenozlar, biogeosenozlar (ekosistemalar) va biosferaning tuzilishi, ularda kechadigan jarayonlarni o’rganadigan biologiya fanlari majmui. Ekologiyani organizmlar va ular bilan atrof muhit o’rtasidagi o’zaro munosabatlarni o’rganadigan fan sifatida ham talqin qilinadi. Ekologiya o’rganadigan ob’yektlariga ko’ra, umumiy va xususiy Ekologiyaga ajratiladi. Umumiy Ekologiya organizmdan yuqori turadigan har xil sistemalarning tuzilishi va funktsiyasini o’rganadi. U populyatsiyalar Ekologiyasi, biosenologiya, ekosistemalar Ekologiyasi kabi bo’limlardan iborat. Populyatsiyalar Ekologiyasi populyatsiyalarining strukturasi va mikdoriy dinamikasining umumiy qonuniyatlari hamda har xil turlar populyatsiyalari o’rtasidagi o’zaro munosabatlar (raqobat, yirtqichlik) ni tadqiq qiladi. Biosenologiya (hamjamoalar Ekologiyasi) biosenozlarning tuzilishi qonuniyatlari, tarkibi va funktsiyasini o’rganadi. Xususiy Ekologiya muayyan taksonomik guruhga mansub organizmlarning muhit sharoitiga munosabatlari majmuini o’rganadi (masalan, hasharotlar Ekologiyasi). Ba’zan xususiy Ekologiyaga muayyan ekosistema va hamjamoani o’rganadigan fan sifatida ham qaraladi (masalan, qishloq xo’jalik ekosistemalari Ekologiyasi — agroekologiya; o’simliklar hamjamoalari Ekologiyasi — fitosenologiya). Suv ekosistemalari va suv organizmlari Ekologiyasini o’rganadigan gidrobiologiya ham Ekologiyaning bir qismi hisoblanadi. Ekologiya autekologiya (har xil muhit omillarining alohida turlarga ta’sirini o’rgatadigan fan) va sinekologiya (organizmlar va ular majmualari o’rtasidagi munosabatlarni o’rganadigan fan)ga ham ajratiladi. “Ekologiya” terminini 1866 yil nemis olimi E. Gekkel organizmlarning atrof muhit bilan munosabatlarini belgilash uchun taklif etgan. Ekologiyaning fan sifatida yuzaga chiqishi 18— 19-asrlarda yashagan naturalistlar va geograflarning ishlari bilan bog’liq. 19-asrning oxiri va 20-asr boshlarida tadqiqotchilar ayrim omillar, ayniqsa, iqlimning organizmlarning tarqalishi va dinamikasiga ta’sir etishiga e’tibor berishdi. Ayni shu davrda organizmlarning bir butun majmui bo’lgan tabiiy biosenozlar to’g’risidagi tasavvurlar shakllana boshlaydi. Ekologiya 20-asrning 20-30-yillarida jadal rivojlana boshladi. Bu davrda Amerika zoologi Ch.Elton populyasiyalar va hamjamoalarni o’rganishning asosiy vazifalarini ko’rsatib berdi; italiyalik va amerikalik matematiklar V. Volterra va A. Lotka populyatsiyalarning o’sishi, o’zaro ta’sirining matematik modellarini taklif etishdi; rus mikrobiologi G.F. Gauze bu modellarni tajribada sinab ko’radi. Xuddi shu davrda gidrobiologiyala tirik organizmlar orqali moddalar va energiya o’zgarishini miqdoriy jihatdan o’rganish boshlanadi. Bir-biri va notirik atrof muhit bilan o’zaro bog’langan organizmlar komplekslari to’g’risidagi tasavvurlarning shakllanishi ingliz botanigi A. Tenslining “ekosistema” (1935) va rus botanigi V.N. Sukachevning “biogeosenoz” (1940) tushunchalarining yaratilishi bilan bog’liq. 20-asrning 50-yillarida umumiy Ekologiya shakllanadi. Tadqiqotchilarning asosiy ishlari organizmlar va ular hosil qiladigan sistemalarning o’zaro ta’sirini o’rganishga qaratiladi. Ekologiya tadqiqotlarida miqdoriy metodlar keng tarqala boshlaydi; laboratoriya va tabiatda o’tkaziladigan tajribalar hamda matematik modellashtirishlar keng qo’llanila boshlanadi. 20-asrning 2-yarmida odamning biosferaga salbiy ta’siri kuchayishi natijasida ekologik krizisning yuzaga chiqishi va tabiatni muhofaza qilish ishlarini keng miqyosda amalga oshirish zaruriyatining tug’ilishi bilan Ekologiyaning amaliy ahamiyati keskin oshib ketdi; ko’pchilik tabiiy fanlarni “ekologiyalashtirish” boshlandi; Ekologiya bilan falsafa, sosiologiya va boshqalar bir qancha fanlar o’rtasida uzviy bog’lanish paydo bo’ldi. Hozirgi davrda sanoat va qishloq xo’jalik ishlab chiqarishi, transport, qurilish, ilmiy-texnikaviy, demografik muammolarni hal etish hamda tabiii resurslardan rasional foydalanish yo’llarini ishlab chiqishda ekologik yondashuv zarur bo’lib qoldi. O’zbekistonda Ekologiyaning rivojlanishi D.N.Kashkarov, A. L. Brodskiy, T. 3. Zohidov va boshqalarning ishlari bilan bog’liq. D. N. Kashkarov umurtqali hayvonlarni o’rgangan va birinchi bo’lib, hayvonlar ekologiyasi darsligini yaratgan. A. L. Brodskiy tuproq umurtqasiz hayvonlarini, T. Z. Zohidov Qizilqum umurtqali hayvonlarini ekologik jihatdan tadqiq qilgan. O’simliklar ekologiyasiga oid tadqiqotlar Q.Z.Zokirov, A. M. Muzaffarov, I . I. Granitov va ularning shogirdlari tomonidan keng miqyosda olib borilmoqda. Ad.Odum Yu., Osnovn ekologii, Per. s ang. M., 1975; Ergashev A., Umumiy ekologiya, T., 2003; To’xtaev A., Ekologiya, T., 2000. Ahmadqul Ergashev, Ochil Mavlonov.