ELEKTR

ELEKTR (elektro…) — elektr zaryadlarning mavjudligi, harakati va ta’siri bilan bog’liqhodisalar majmui. Miloddan avvalgi 8-asrda yunon faylasufi F. Miletskiy jun matoga ishqalangan ebonit parchasi momiq va boshqalar yengil buyumlarni o’ziga tortish xususiyatiga ega bo’lib qolishini ta’kidlagan. Oradan ancha vaqt o’tgach, 1600 yilda ingliz vrachi U. Gilbert ipakka ishqalangan shisha va bir qator boshqa moddalar ham shunday xossaga ega bo’lishini aniqlagan va ” Elektr” terminini qo’llagan. Ishqalanish natijasida yengil jismlarni o’ziga tortadigan jismlarni elektrlangan yoki elektr zaryadi bilan zaryadlangan jismlar deb yuritildi. Faqat 18-asrga kelib Elektr hodisalari tez sur’atlar bilan o’rganildi. Elektr haqidagi ta’limot taraqqiyotini 3 bosqichga ajratish mumkin: 1) tajriba dalillarining to’planishi va asosiy tushunchalar, qonunlarni aniqlash davri (miloddan avvalgi 8-asr, 19-asr o’rtalari); 2) elektromagnit maydon haqidagi ta’limotning shakllanish davri (19-asr ikkinchi yarmi); 3) Elektr atomistik nazariyasining shakllanish davri (19-asr oxiri 20-asr boshlari). Ta’limotning birinchi davridagi Elektr hodisalarining asosiylari quyidagilar. Ingliz fizigi S. Grey ayrim jismlarning Elektr o’tkazuvchanlik xususiyatlarini ochib, tabiatdagi barcha jismlarning o’tkazgichlar va izolyatorlarta bo’linishini aniqladi (1727). Frantsuz fizigi Sh. Dyufe va amerikalik olim B. Franklin Elektr zaryadlarning 2 turi mavjudligini aniqlashdi. Zaryadlarning ebonitda hosil bo’lgani manfiy, shishada hosil bo’lgani musbat ishorali deb olingan. Olimlar bu zaryadlarning o’zaro ta’sirlashishini (bir xil ishorali zaryadlarning bir-biridan itarilishini, har xil ishorali zaryadlar o’zaro tortishishini) aniqlashgan (1747-53). Ingliz fizigi va kimyogari G. Kavendish (1773) hamda frantsuz fizigi Sh. Kulon (1785) zaryadlarning o’zaro ta’sir qonunini kashf etishdi. 18-asr o’rtalarida atmosferadagi Elektrni, Elektr uchquni, Elektr razryadning biologik va fiziologik ta’sirini o’rganish rivojlandi. Nemis olimi E.G. Kleyst va golland fizigi P. Mushen Bruk tomonidan Leyden bankasining kashf etilishi (1745-46) Elektr hodisalarini va uning fiziologik ta’sirini o’rganishga keng yo’l ochib berdi. B. Franklin, rus olimlari M. Lomonosov va G. Rixmanlar tomonidan chaqmoqning elektr tabiati isbotlandi, uning Elektr nazariyasi yaratildi (1750-53). Akademik F. U. Epinus elektrostatik induktsiya va zaryadlarning o’tkazgich sirtida bir tekis taqsimlanmasligi hodisalari bilan shug’ullanib (1750), Elektr zaryadning saqlanish qonuni haqidagi o’z fikrlarini aytdi. Italyan fiziklari L. Gal’vani (1786) va A. Vol’ta (1792) tomonidan tajribalar asosida kontakt Elektr hodisalari o’rganilib Elektrning kimyoviy va kontakt manbalari kashf qilinganidan so’ng o’zgarmas tok hosil bo’lishi namoyish qilindi, o’zgarmas tokning ta’sirini jadal o’rganish boshlandi va Elektrni amaliy qo’llashga birinchi urinishlar bo’ldi. Rus fizigi V.V. Petrov elektr yoyni kashf etdi (1802), Elektrdan yoritish va metallarni pechlarda eritishda foydalanish mumkinligini ko’rsatdi. A. Volta kontakt potentsiallar ayirmasi qonunini ochdi (1795). Nemis fizigi G. Om tok kuchi o’tkazgichning uzunligiga, ko’ndalang kesimiga va galvanik elementlar soniga bog’liq ekanligini tajribada aniqladi (1820). Ingliz fizigi J. Joul (1841) va rus fizigi E. X. Lents (1842) bir-biridan bexabar tok o’tganda o’tkazgichdan ajralib chiqadigan issiqlik miqdorini aniqlaydigan qonunni kashf etdilar. Daniyalik fizik X. Ersted elektr tokining magnit miliga ta’sir ko’rsatishini kashf qilish bilan (1820) Elektr nazariyasida yangi bosqich — tokning magnit xossalari haqidagi ta’limotni boshlab berdi. Frantsuz fizigi, matematigi va kimyogari A. Amper o’zgarmas toklarning o’zaro ta’sirini o’rganib, ikki elementar tokning o’zaro ta’sir kuchlari toklar ko’paytmasiga to’g’ri mutanosib (proportsional)ligini aniqladi (1820). Frantsuz fiziklari J. Bio, F. Savar va P. Laplas tok hosil qilgan magnit maydon kuchlanganligini aniqlaydigan qonunni kashf etdilar (1820). Shunday qilib, ham doimiy magnit, ham elektr toki magnit maydoni manbai bo’lishi mumkinligi isbotlandi. Doimiy magnit maydoni tokli solenoidning magnit maydoniga o’xshashligidan, Amper doimiy magnitlarning xossalariga, umuman jismlarning magnitlanib qolishiga ularda mavjud bo’lgan elementlar aylanma toklar — molekulyar toklar sabab bo’ladi, degan gipotezani ilgari surdi. 20-asr boshida atom tuzilishiga oid kashfiyotlar natijasida atomlardagi elektronlarning yadro atrofidagi aylanma harakatlari tufayli molekulyar toklar hosil bo’lishi aniqlandi. X. Ersted va A. Amperning katta mehnatlaridan so’ng magnetizm Elektr haqidagi ta’limotning tarkibiy qismi bo’lib qoldi. Shu davrga kelib, ingliz fizigi M. Faradeyning ilmiy faoliyati boshlandi. Ayniqsa, uning 2 kashfiyoti: elektromagnit induktsiya hodisasi (1831) va elektroliz qonunlari (1834) fizika tarixida muhim ahamiyatga ega. Faradey bu kashfiyotlari bilan Elektrning ko’p texnik qo’llanishiga nazariy asos yaratdi. E. X. Lents induktsiyalangan elektr tokining yo’nalishini aniqlashning umumiy qoidasini aniqladi (1833). M. Faradey o’z ishlarida elektr va magnit maydonlari tushunchalarini kiritdi, maydonning o’zgarishi va atrof muhitga tarqalishida shu moddiy muhitning xususiyatlari asosiy ahamiyatga ega ekanligini ko’rsatdi. M. Faradeyning elektroliz qonunlari elektrokimyoning rivojlanishiga muhim hissa qo’shdi va Elektr zaryadlarining diskret ekanligi to’g’risidagi ta’limotga asos soldi. Elektr haqidagi ta’limotning ikkinchi davri 19-asrning 2-yarmidagi kashfiyotlar bilan bog’liq. M. Faradeyning elektr va magnit maydonlar haqidagi ta’limotini ingliz fizigi J. K. Maksvell chuqurlashtirdi va rivojlantirdi. Maksvellning eng katta ilmiy yutug’i elektromagnit maydon nazariyasining yaratilishidir (1860-65). Bu nazariyani u elektromagnit hodisalarning asosiy qonuniyatlarini tavsiflovchi bir necha tenglamalar tizimi ko’rinishida ifodaladi. Maksvell Elektr maydonning vaqt bo’yicha o’zgarishi uyurma magnit maydonni va, aksincha, magnit maydonning vaqt bo’yicha o’zgarishi uyurma Elektr maydonni hosil qilishini o’z nazariyasiga asos qilib oldi. Maksvellning elektromagnit to’lqinlar mavjudligini va ularning fazoda yorug’lik tezligi bilan tarqalishini oldindan aytib berishi (1865) unga yoruglik ham elektromagnit to’lkinlardan iborat deyishga asos bo’ddi (1865). Bu nazariyani amalga oshirishda nemis fizigi G. Gers tajribalarida elektromagnit to’lqinlarni olishi muhim rol o’ynadi. Rus fizigi A. S. Popov elektromagnit to’lqinlardan radionl ixtiro qilishda foydalandi. M.K. Maksvell nazariyasiga ko’ra, elektromagnit to’lqinlar energiyaga ega va jismga tushayotganda bosim ko’rsatadi. Tutash muhitlarda elektromagnit to’lqinlar energiyasi harakatini va uning saqlanish qonunini umumiy tarzda rus fizigi N. A. Umov birinchi bo’lib ifodalab berdi (1874). Elektromagnit to’lqinlarning, jumladan, yorug’likning bosim ko’rsatishini rus fizigi P. N. Lebedev tajribalarida isbotladi (1899). 19-asr oxirlariga kelib, Maksvell nazariyasiga, moddaning kinetik nazariyasiga va boshqalarga asoslangan Elektr taqsimoti rivojlanishining yangi uchinchi davri boshlandi. Elektr tuzilishining diskretligi (atomistik strukturasi) ga asoslangan ta’limot yuzaga kela boshladi. Atom tarkibida elektrlangan zarralar mavjudligi haqidagi fikrga asoslangan modda tuzilishining Elektr ta’limoti — elektronlar nazariyasi rivoj topdi. Bunda frantsuz fizigi J. A. Puankare, golland fizigi X. A. Lonrents, ingliz fizigi J. J. Tomsonlarning xizmatlari muhim ahamiyat kasb etdi. Irlandiyalik fizik G. Gelmgols Faradeyning elektroliz qonunlariga asoslangan holda Elektr zaryadining diskretligi, eng kichik elektr zaryad — elementar zaryad mavjudligi haqidagi g’oyani ilgari surdi (1881). Ingliz fizigi J.J.Stoni bu elementar zaryadni “elektron” deb atagan (1891). Katod nurlari, termoelektron emissiya, fotoelektr hodisalar, radioaktivlik kabi yangi hodisalarni o’rganish haqiqatda atomlar tarkibida elektronlar mavjudligini isbotladi. Elektr Rezerford atom tuzilishining planetar modelini tavsiya etdi. Shu davrga kelib, modda tuzilishining electron nazariyasi bir qator qiyinchiliklarga duch keldi. Masalan, bu nazariya issiqlik nurlanish qonunlarini, metallarda elektron gaz issiqlik sig’imini, elektron o’tkazuvchanlik bilan issiqlik o’tkazuvchanlikning o’zaro munosabatiga doir nazariy va eksperimental natijalar mos kelmasligini klassik elektron nazariyasi tushuntira olmadi, balki yangi nazariya — kvant nazariyaning yaratilishiga turtki bo’ldi. Elektr haqidagi ta’limot elektrotexnika, radiotexnika, elektronika, avtomatika, televidenie va boshqalar ko’pgina tarmoqlarning asosi hisoblanadi. Ad.: Kudryavtsev P. S, Istoriya fiziki, M., 1956; Rahimov G’. R., Elektronika, T., 1968; Tamm I. E., Osnovn teorii elektrichestva, M., 1976; Fozilov H.F., Ustanovivshiesya rejimn elektroenergeticheskix sistem i IX optimizaniya, T, 1999. Sunnat G’oipov.