MAQSETOV QOBUL

MAQSETOV QOBUL (1929.16.1, Qo’ng’irot tumani — 2002.17.2, Nukus) — qoraqalpoq yulklorshunosi. O’zbekistonda (1979) va Qoraqalpog’istonda (1973) xizmat ko’rsatgan fan arbobi, Filologiya fanlari Doktori (1966), professor (1968). Xo’jayli pedagogika bilim yurtini (1949) va Qoraqalpoq pedagogika institutini (1953) tugatgan. Avval maktabda o’qituvchi (1949 — 53), keyinchalik mazkur institutda qoraqalpoq adabiyoti kafedrasida katta o’qituvchi, mudir (1953-57). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog’iston filialining Ttarix, til va adabiyot inti katta ilmiy xodimi, bo’lim mudiri (1959-62), direktori (1963-92). Ilmiy asarlari qoraqalpoq folkloriga, qoraqalpoq qahramonlik eposiga bag’ishlangan. Uning qoraqalpoq tilidagi “Qoraqalpoq qahramonlik eposi “Qirq qiz” (Nukus, 1962), “Qoraqalpoq qahramonlik dostonlari poetikasi” (T., 1965), “Qoraqalpoq folklori estetikasi” (Nukus, 1971), “Qoraqalpoq eposi. Qurbonboy tojiboyev repertuaridagi dostonlarning badiiy xususiyatlariga doir” (rus tilida, 1976) asarlari qoraqalpoq folklorshunosligi rivojida muhim rol o’ynadi. “Folklor va adabiyot” (“Nukus, 1975) maqolalar to’plami hozirgi qoraqalpoq adabiyoti muammolariga bagishlangan. Berdaq nomidagi Qoraqalpog’iston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (1976).