SANOQ TIZIMI
SANOQ TIZIMI – sonlarni maxsus belgilar (raqamlar) to’plami yordamida yozish usuli. Sanoq tizimining pozitsion va nopozitsion ko’rinishlari mavjud. Nopozitsion Sanoq tizimi Rim raqamlari bilan, pozitsion Sanoq tizimi esa biz o’rgangan va Arab raqamlari (aslida hind raqamlari) deb ataladigan belgilar bilan yoziladi. Pozitsion Sanoq tizimida o’rniga qarab raqamning qiymati o’zgarib boradi. Masalan, 34 soni 4 ta birlik va 3 ta o’nlikni bildiradi. Agar ularning o’rni almashtirilsa 43 soni hosil bo’ladi. Bu sonda 3 ta birlik va 4 ta o’nlik mavjud, ya’ni 3 ning qiymati 10 marta kamaydi va aksincha 4 ning qiymati 10 barobar oshdi. Bunday o’nlik Sanoq tizimidagi sonlarning raqamlari uni 10 lik asos darajalari yig’indisida tasvirlashning koeffisientlari hisoblanadi. Hisoblash mashinalarida, odatda, G.V.Leybnis taklif qilgan 2 lik Sanoq tizimi ishlatiladi. Bunday sonlarni tasvirlash uchun 2 ta — 0 va 1 raqamlaridan foydalaniladi. 2 lik Sanoq tizimining ishlatilishi EHMlar quriladigan elementlarning faqat 2 ta turg’un ishchi holatda bo’lishi bilan bog’liq. Bu elementlar kalitlarga o’xshash bo’lib, ular yozilgan yoki o’chirilgan holatlarda bo’ladi. Uchinchi holat yo’q. Bu holatlarning biriga 1, 2 siga 0 mos qo’yilsa, bunday elementlarning ketma-ketligi 2 lik Sanoq tizimidagi songa mos keladi.