FARZINXON HOFIZ

FARZINXON HOFIZ, Farzin bek (1840 — Toshkent — 20-a.ning boshida) — xonanda, sozanda (dutor, tanbur). Dastlab Toshkent to’y-tomoshalarida, “Sharqiya” kechalarida ishtirok etib, keyinchalik Isfara, O’sh, Turkiston va boshqa joylarda bo’lib o’tadigan sayillarda, qo’shiq bellashuvlarida qatnashgan, o’zining keng diapazonli, yoqimli va shirador ovozi, dardli, his-tuyg’ularga boy ijro uslubi bilan Shuhrat qozongan. Muqimiy unga hofizlarning “beki” sifatida nisbat bergan, Furqat Farzinxon Hofiz ismini o’z she’rlarida tilga olgan: “Ko’rarsan anda Farzinxon degonni. Menga bir oshnoyi mehribonni…” Farzinxon Hofiz repertuaridan Farg’ona — Toshkent maqom yo’llari (“Toshkent irog’i” “ushshoq”, “Bayot”), katta ashulalar (“Patnus ushshog’i” va boshqalar) va o’zi bastalagan ashulalar (“bu na savdo kardan”, Navoiy va boshqalar) o’rin olgan. U, shuningdek, Xaziniy, Vijdiy, Yassaviy va boshqalarning she’rlariga aytiladigan diniy ashulalar bilan dovrug’ taratgan, “Na’tchi” tarifiga sazovor bo’lgan. Farzinxon Hofiz ijrosidagi ashulalar 20-asr boshida grammofon plastinkasiga yozib olingan. Uning ijro an’analari ko’pgina hofizlar (jumladan, Hamroqulqori, To’ychi Hofiz va boshqalar) ijodiga ta’sir etgan. Bahriddin Nasriddinov.