ELEYA MAKTABI
ELEYA MAKTABI — yunon falsafiy maktabi. Miloddan avvalgi 6-5-asrlarda Eleya shahrida (Italiyaning janubi) shakllangan. Asoschisi — Ksenofan; yirik namoyandalari Parmenid, Eleyalik Zenon, Samoslik Meliss, Gorgiy. Eleya maktabi vakillari sezgi a’zolarimiz orqali oladigan bilimimiz shubhali, haqiqiy emas, faqat aql orqali oladigan bilimlarimiz haqiqiy deb hisoblagan. Milet maktabi va Geraklitning materialistik g’oyalariga qarshi keskin kurash olib borgan. Eleya maktabi falsafa tarixida birinchi bo’lib yagona borliq tushunchasini ilgari surgan. Eleya maktabi vakillari fikricha, yagona borliq uzluksiz, o’zgarmas, bo’linmasdir. Keyinchalik yagona o’zgarmas borliq tushunchasi Platon va neoplatonizm falsafasi manbalaridan biri bo’lib xizmat qildi. Antik falsafaning shakllanishi Eleya maktabi bilan tugallandi.