ELEKTRON OPTIKA
ELEKTRON OPTIKA — fizikaning makroskopik kvazistatistik elektromagnit maydon bilan ta’sirlashuvchi zaryadlangan zarralar dastasi strukturasini o’rganuvchi sohasi. Elektron optikaning paydo bo’lishi 19-asr oxirida elektronnurli trubka (ENT)ning yaratilishi bilan bog’liq. K. F. Braun 1897 yilda qurgan birinchi ossillografik ENT da elektron dasta magnit maydonda og’ganini ko’rgan. J.J. Tomson electron zaryadining massasiga bog’liqligini aniqlashga doir tajribasida ENT ichiga joylashtirilgan yassi kondensator orqali elektron dastani o’tkazib, uning elektrostatik maydon yordamida og’ishini o’z tajribasida amalga oshirdi. 1926 yilda nemis olimi X. Bush izolyasiyalangan sim o’rab tayyorlangan g’altakning magnit maydonida zaryadlangan zarralarning harakatini nazariy ko’rib chiqtsi. Bu esa elektronoptik tasvirni olishga imkon beruvchi elektron linza (el) ning yaratilishiga olib keldi. Elektron linza takomillashtirilib, elektron mikroskop, elektronoptik o’zgartirgichlar va boshqalar asboblar yaratildi. Televizion va radiolokasion apparaturalar yasash, axborotlarni yozib olish, saqlash va qayta eshittirish uchun maxsus ENT yaratilishi Elektron optikaning zaryadlangan zarralarni boshqarish bilan bog’liq bo’lgan bo’limlarining rivojlanishiga olib keldi. Elektron optika geometrik va fizik Elektron optikaga bo’linadi. Geometrik Elektron optikada zaryadlangan zarralar dastasi zaryadlangan nuqtaviy massalar (elektronlar va “onlar)ning traektoriyalari to’plamidan iborat deb qaraladi. Fizik Elektron optikada zarralar traektoriyasi o’rniga deBroyl to’lqin uzunligi cheksiz kichik bo’lganda tok traektoriya chizig’iga aylanuvchi tok trubkasi olinadi. Amalda geometrik Elektron optika qonuniyatlari bilan cheklanish etarli. Geometrik Elektron optika turli xil elektron asboblarning tatbiq etilishi bilan rivojlanadi. Masalan, eng sodda elektron asboblar: elektron proektor, elektronoptik almashtirish qurilmasi, elektron ko’paytirgich, elektron ossillograf, elektron mikroskop, massaspektrometrlarning ishlashi Elektron optika qonuniyatlariga asoslangan.