QABZIYAT
QABZIYAT (Arabcha — tutilish, qisilish, qotish), ich qotishi — uzoq vaqt (2 sutkagacha) ich kelmasligi yoki qiyinlik bilan kelishi; noto’g’ri ovqatlanish, nervregulyasiya faoliyatining buzilishi, ichak kasalliklari va boshqalarda kuzatiladi. Qabziyat kasallik belgisi, ba’zan esa mustaqil kasallik hisoblanadi. Yashash sharoiti o’zgartirilganda, safarga chiqqanda ham ba’zan Qabziyat ro’y berishi mumkin. Ichakning turli qismlari o’sma, bavosil tuguni bilan torayib qolganda, to’g’ri ichakda axlat yig’ilganda (“axlat toshi”) ham ich qotadi (mexanik Qabziyat). Qabziyatning atonik va spastik (funktsional) xili ham bor. Organizmning umumiy tonusi susayganda, yuqumli kasallik bilan og’rib, uzoq vaqt yotib qolganda, odamning qoni kamayib, ozib ketganda, deyarli qoldiq chiqarmay, yaxshi hazm bo’ladigan yengil ovqat (qand, sutli ovqat, tuxum, go’sht) iste’mol qilinganda atonik Qabziyat paydo bo’ladi. Aqliy mehnat bilan shug’ullanib, kam harakat qilganda, ovqatlanish rejimi buzilganda atonik Qabziyat ko’pincha odat tusiga kirib qoladi. Ichni bo’shatish ehtiyoji tug’ilganda bo’shanmasdan, istak qaytara berilganda ham Qabziyat kuzatiladi. Hadeb klizma qilish va surgi dorilar ichaverish atonik Qabziyatga sabab bo’ladi. Ichakning aylana muskullari uzoq tortishib qolganda (spazm) spastik Qabziyat ro’y beradi. Vegetativ nerv sistemasining o’ta ta’sirlanishi (ruhiy kechinmalar va boshqalar) spazmga sabab bo’ladi. Qo’rg’oshin, anilin bo’yog’i, nikotin (chekish)dan surunkali zaharlanish natijasida paydo bo’ladigan Qabziyat ham spastik Qabziyatga kiradi. Qabziyatda qorin og’ir tuyuladi, tirsillab turadi, mijg’ib og’riydi, ishtaha bo’g’iladi, og’iz bemaza bo’ladi, bosh og’riydi, ko’ngil g’ash bo’lib, ish qobiliyati pasayadi. Davosi: Qabziyat sababiga qarab olib boriladi. Atonik Qabziyatda ko’p harakat qilish, sut va o’simlik mahsulotlaridan tayyorlangan ovqat, sabzavot, ho’l meva, sut, qatiq tavsiya etiladi. Odat tusiga kirib qolgan Qabziyatda ichakni bo’shatish shartli refleksi vujudga keltiriladi; har kuni ertalab ma’lum vaqgda ichakni bo’shatishga harakat qilinadi. Nahorga bir stakan sovuq suv yoki meva sharbati, qatiq ichish shartli refleks vujudga keltirishga yordam beradi. Kasallikning oldini olish uchun har kuni erta bilan badan tarbiya qilish (qorin muskullari mashqi), umuman organizmni chiniqtirish, kun tartibini to’g’ri tashkil qilish, vitaminlarga boy ovqatlar yeyish kerak.