TO’XTAMISH
TO’XTAMISH, To’xtamishxon (1342-1408) — Oltin O’rda hukmdori (1380— 97). Jo’jixon naslidan bo’lmish To’yxojaning o’g’li. Otasi 1375 yil Oq O’rda hukmdori Urusxon tomonidan qatl etilgandan so’ng To’xtamish Amir Temur huzuriga (1376) keladi va Sohibqironning beg’araz madadi tufayli avval oq O’rda (1377), keyin Mamay qo’shinlarining Kulikovo jangada engilg’anidan foydalanib Oltin Urda taxtini qo’lga kiritadi (1380). To’xtamish ichki nizolarga barxam berib, 7 yil ichida Oltin O’rda davlat birligini qayta tiklashga erishadi. Sirdaryodan Dnestrgacha, Sig’noq va O’trordan Kiyevgacha cho’zilgan ulkan saltanatning xoniga aylanadi. Unga qarshi bosh ko’targan rus knyazliklari xamda litvaliklarni mag’lubiyatga uchratadi. 1382 yil hiyla bilan Moskvani oladi, shaharni talontoroj qilib yoqib yuboradi. Muvaffaqiyatlardan ma’lum darajada esankiragan To’xtamish Amir Temur saltanati hududlarini qo’lga kiritishga oshiqadi. Amir Temurning G’arb safaridaligidan (1381) foydalanib, Ozarbayjon hamda Movarounnahrga bostirib kiradi, Samarqand va Buxoroni qamal qiladi. Lekin bu shaharlarni olishni uddasidan chiqolmaydi. 1388 yilning Fevralda Sohibqiron qo’shini bilan To’xtamishga qarshi Sherozdan yo’lga chiqadi. To’xtamish Amir Temur bn yuzma-yuz to’qnashishdan voz kechib, zudlik bilan Dashti Qipchoqqa qaytib ketadi. 1391-95 yillarda To’xtamish Sohibqiron bn bo’lgan Qunduzcha hamda Terek daryosi bo’yidagi janglarda mag’lubiyatga uchragan. Oltin O’rda poytaxti saroyni ishg’ol qilgan Amir Temur qochoq To’xtamish o’rniga Temur Qutlug’ni xon etib ko’taradi. 1397— 99 yillarda To’xtamish Litva qiroli Vyutaytas yordamida Temur qutlug’va Idiqu (Edigey)ga qarshi olib borilgan harbiy harakatlarda muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Temur Qutlug’ vafotidan (1401) keyin To’xtamish Oltin O’rda taxtini qayta egallash harakatida bo’ldi. 1408 yil Tyumen shahri atroflarida qo’lga tushirilgan. To’xtamish Idiqu tomonidan o’ldirilgan. Hamidulla Dadaboev.