ESSEN
ESSEN — Germaniyaning g’arbiy qismidagi shahar, shimoliy ReynVestfaliya yerida. Aholisi 601 ming kishi (1999). Transport yo’llarining yirik chorrahasi. ReynXerne kanali bo’yidagi port. Mamlakatning muhim sanoat markazlaridan. Qora metallurgiya, mashinasozlik (shu jumladan, elektrotexnika, og’ir va transport mashinasozligi), to’qimachilik, poligrafiya, tsement, oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Essenda yirik sanoat va moliya kompaniyalarining boshqarmalari joylashgan. Oliy o’quv yurtlari, ilmiy tekshirish institutlari, muzeylar (xususan, Folkvang muzeyi, 19-20-asrlar san’ati) bor. Shahar ilk bor 11-asrga oid yozma manbalarda tilga olingan. Me’moriy yodgorliklardan gotika cherkovi, sobor saqlangan.