ESTAKADA
ESTAKADA — transport vositalari va piyodalar uchun mo’ljallangan yo’llar yer sirtidan ma’lum balandlikda o’tkaziladigan inshoot; ko’prikning bir turi. Estakada ostidan yo’l o’tkazish yoki boshqa maqsadlarda foydalanish mumkin. Estakadalardan, asosan, shaharlar va sanoat zonalarida foydalaniladi. Estakada bir qancha tayanch (ustun)lar ustiga o’rnatiladigan to’sinsimon konstruktsiyalardan tashkil topadi. Temirbeton, po’lat va yog’ochli xillari bo’ladi. Estakada ostidan kema o’tishi uchun imkon beradigan balandlikda suv ustiga ham quriladi (masalan, portlarda, dengiz neft konlarida). Estakada sanoat korxonalarida ikki binoning yuqori qavatini bir-biriga bog’lash uchun, transportyorlar, quvurlar, kabellar va hokazolar o’tkazish uchun ham quriladi. Piyodalar Estakadasi temir yo’l stantsiyasida yo’l ustidan piyodalar o’tishi uchun mo’ljallanadi. Bunday Estakadalar ko’p tarqalgan. Yirik shaharlar (masalan, Berlin, Nyu-York, Tokio) da Estakada yordamida o’tkazilgan juda uzun yer usti yo’llari mavjud.