EPIZOD
EPIZOD (Yunoncha — qo’shimcha) — 1) voqea, hodisa; 2) epik, liroepik va dramatik asar syujetidagi asosiy harakatning ma’lum bir bo’lagi, yakunlangan muayyan qismi. Epizodning mazmun-mohiyati, vazifasi asarning umumiy syujet tizimi rivoji bilan bog’liq. Asarda badiiy yuk tashuvchi asosiy va ularni bir-biriga ulashga xizmat qiladigan yordamchi Epizodlar bo’ladi. Asosiy Epizodlar qahramon xarakterini ochish, asar syujeti rivojini ta’minlashda hal qiluvchi o’rin tutsa, yordamchi Epizodlar asardagi asosiy Epizodlarni bir-biriga bog’lab, syujet chizig’ida yaxlitlik, bir butunlikni vujudga keltiradi. Epizodlar miqdori asar hajmi va uning janr xususiyatlarini belgilaydi.