EPIFITLAR
EPIFITLAR (epi… va … Fit) boshqa o’simliklarda, asosan, daraxtlar poyasi, shoxlarida yashaydigan, biroq oziq moddalarni atrof muhitdan oladigan o’simliklar. Barglar ustida yashaydigan o’simliklar epifillar deyiladi. O’simliklarning barcha sinflarida uchraydi. Epifitlar havodan namlik va mineral oziqni olishga moslashgan. Ularning ildiz po’sti g’ovak bo’lib, chang, to’kilgan barglarni tutib qoladigan chuqurcha, ya’ni uya hosil qiladi; barglari voronkasimon bo’lib, barg ichki yuzasida joylashgan tukchalar so’rib oladigan namni yig’adi. Kutikulasi qalinlashgan, barglari tuklar bilan qoplangan. Epifitlarning evolyutsiya jarayonida kelib chiqishi ularning nam tropik o’rmonlardagi daraxtlar soyasida o’sganligi bilan bog’liq. Ular doimo yorug’likka intilishi tufayli daraxtlar tanasi, shoxchalari va barglarida yashashga o’tgan.