ERALIYEV SUYUNBOY
ERALIYEV SUYUNBOY (1921.15.11, Talas viloyati) — Qirg’iziston xalq shoiri (1974). 2-jahon urushi qatnashchisi. 1945 yildan viloyat va respublika gaz.larida muxbirlik qilgan. Qirg’iziston Yozuvchilar uyushmasida kotib (1959-65), adabiy maslahatchi (1967— 84). Dastlabki she’riy to’plami — “ilk sado” (1949). “Samimiy mehr” (1959) dostoni mashhur. Tarixiy mavzuda yozilgan bu lirik qissa qirg’iz she’r tuzilishining an’anaviy shakllarini boyitgan. “Yulduzlarga sayohat” (1966) dostoni bilan qirg’iz she’riyatiga erkin vaznni olib kirgan. V. Uitmen, R.Tagor, Oybek, M.Tursunzoda, Mirtemir kabi yozuvchilarning asarlarini qirg’iz tiliga tarjima qilgan. A.Tvardovskiyning “Vasiliy Tyorkin” dostonining Eraliyev qilgan tarjimasi qirg’iz so’z san’ati tarixidagi eng mukammal tarjimalardan biri sanaladi. Asarlari ko’plab tillarda nashr etilgan. To’qtag’ul Sotilg’anov nomidagi Qirg’iziston Davlat mukofoti laureati (1986). As: tog’lar farzandiman [she’rlar, doston], T., 1978.