ERGASHEVA MA’MURA ZOKIRJONOVNA

ERGASHEVA MA’MURA ZOKIRJONOVNA (1951.25.1, Toshkent) — raqqosa, baletmeyster. O’zbekiston xalq artisti (1983). Toshkent xoreografiya bilim yurtini (1969), Toshkent chet tillar instituti (frantsuz bo’limi)ni tugatgan (1977). 1969 yildan “Bahor” ansamblida raqqosa, baletmeyster, 1990 yildan ansamblning badiiy rahbari. Ergasheva repertuaridan jahon xalqlari raqslari, o’zbek mumtoz va zamonaviy raqslari keng o’rin olgan: “Gulsara”, “Nozanin”, “Munojot”, “larzon”, “Lazgi”, “Tanavor”, “Arabcha”, “Yaponcha”, “Ispancha”, “Kuba raqsi”, “Eroncha”, “Afg’oncha”, “Farg’ona ruboiysi”, “rohat”, “pilla”, “Mustafo”, “Alvido, Tokio”, “o’n sakkiz yoshimda”, “o’rik gullaganda” va boshqalar shular jumlasidan. Baletmeyster sifatida “Navro’zi Ajam”, “Fig’onkim”, “Sumalak”, “O’zbekiston makonim”, “Tavois”, “Bahor nashidasi” singari raqslarni sahnalashtirgan. Respublikada o’tkaziladigan katta bayramlar (“Navro’z”, “Mustaqillik” va boshqalar) da bosh baletmeyster sifatida faoliyat ko’rsatib keladi. “O’zbektelefilm” tomonidan “Ma’mura Ergasheva raqsga tushadi” nomli videofilm ishlangan (1985). “Mehnat shuhrati” ordeni (1999), “Shuhrat” medali (1998) bilan mukofotlangan.