ERGONOMIKA
ERGONOMIKA (Yunoncha — ish, mehnat va — qonun) — kishi (kishilar guruhi) ni ishlab chiqarish faoliyati sharoitlari bilan bog’liq holda kompleks o’rganadigan fan; mehnat qurollari, sharoitlari va jarayonlarini takomillashtirish maqsadlarida inson, texnika, ishlab chiqarish muhitining o’zaro ta’siri va aloqalarini tadqiq etadi. Qadimdan mukammal mehnat qurolini ixtiro qilish, mehnat jarayonida inson organizmi holatini o’rganish biror ishini bajarish uchun eng maqbul sharoitlar yaratish maqsadlari bilan bog’liq bo’lgan. Insonning mehnat faoliyata uchun eng o’ng’ay mehnat qurollari, eng qulay mehnat sharoitlari yaratish yo’lidagi dastlabki qadamlar 20-asr bo’sag’asida boshlandi. Bu sohada birinchi keng miqyosdagi amaliy tadqiqotlar amerikalik amaliyotchi muhandis va menejer, ilmiy boshqarish maktabi asoschisi U.F.Teylor tomonidan bajarildi. Ergonomika ishlab chiqarishning amaliyot ehtiyojlari ta’sirida, korxonalar faoliyatida inson omili rolining ortib borishi, fan-texnika taraqqiyoti natijasida ilmiy-amaliy fan sifatida paydo bo’ldi. Eksperimental psixologiya, fiziologiya va mehnat gigienasi ta’sirida shakllandi; tibbiyot, biologiya, biomexanika, antropometriya, psixofiziologiya, sosiologiya, matematika, injenerlik va texnologik fanlar ma’lumotlari va metodologiyasidan, mehnatni tashkil etish va normalash tamoyillaridan foydalanadi, umumiy va ijtimoiy psixologiya, mehnat iqtisodiyoti, iqtisodiy-matematik modellashtirish bilan bog’liq. Ergonomik tadqiqotlarining maqsadi — xodimning ishlab chiqarishdagi tabiiy, ijtimoiy-psixologik va texnik-tashkiliy sharoitlarga moslashuvini osonlashtirishdan iborat. Ergonomika diqqat markazida ishlab chiqarishdagi aniq sharoitlarda inson faoliyati, ishlab chiqarish muhitini inson organizmi xususiyatlari va imkoniyatlariga moslashtirish yo’llari va usullarini topish turadi. Ergonomika o’z tadqiqotlari asosida mehnat sharoitlarini yaxshilash va mehnat jarayonini qayta tashkil etish bo’yicha tavsiyalar ishlab chiqadi. “Ergonomika” termini 1949 yil Angliyada shu soha bo’yicha tadqiqot ishlari olib boruvchi jamiyat tomonidan amaliyotga kiritilgan. Ergonomikada yana ikkita tamoyil bo’lib, ular insonni ishga, ishni insonga moslashtirish omillaridan iborat. Birinchisida samaradorlikni ta’minlash, ikkinchisida insonga qulaylik yaratish ko’zda tutiladi. Ergonomika kishining butun ish kuni davomida yuqori ishchanlik qobiliyatini ta’minlash uchun mehnat va dam olish rejimini ham o’rganadi. Ergonomika bo’yicha barcha amalga oshiriladigan ishlar ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, ishlovchilar uchun qulayliklar yaratish va ayni paytda ularning salomatligini ta’minlashga qaratiladi. Shuning uchun barcha mehnat vositalari, qurollari, mashinalar Ergonomika talablarini hisobga olib loyihalashtiriladi va ishlab chiqariladi. Ergonomika bilan firma va kompaniyalarda dizaynerlar shug’ullanadilar. O’zbekistonning barcha texnika sohasidagi oliy o’quv yurtlarida Ergonomika fani o’qitiladi. Toshkent texnika universiteti, Toshkent arxitektura qurilish, Toshkent to’qimachilik va yengil sanoat, Toshkent san’at institutlarida Ergonomika bo’yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Sadir Salimov.