ERDONABIY

ERDONABIY, Erdonabek, Erdonaxon (1720-1764) — Qo’qon xoni (1751-64). 1752 yil Qaynardagi jung’arlar orasida yashovchi Bobobek taxtga da’vo bilan chiqib, 10 oy Qo’qonda hukmronlik qilgan. So’ngra 1753 yil amaldorlar kengashi qaroriga ko’ra, Qo’qon qo’shinlari O’ratepani egallash uchun jo’natilgan. Safar chog’ida Beshariqda Bobobek o’ldirilgan va taxtga yana Erdonabiy o’tkazilgan. Manbalarga qaraganda Erdonabiy adolatli hukmdor bo’lgan. Erdonabiy o’z hududini kengaytirishni davom ettirgan, O’ratepaga yurish qilgan (1754), biroq muvaffaqiyatsizlikka uchragach, Qo’qonga chekingan. 1758 yil Erdonabiy O’ratepaga qayta yurish qilib shaharni egallagan. 1762 yil Xitoy elchilari kelib Xitoyning Turkiston va Samarqandga yurish qilmoqchi ekanligini, buning uchun Erdonabiy odamlar, otlar, ho’kiz va qo’ylar ajratishi lozimligini aytadilar. Erdonabiy, O’ratepa va Xo’jand hokimi Fozilbiy hamda qirg’iz sultonlari kengashib Ahmadshoh Durroniydan yordam so’rab, Afg’onistonga noma yuborganlar. Ahmadshoh O’rta Osiyo xonlari bilan tuzilgan ittifoqqa bosh bo’ladi. Garchi bu ittifoq natijasiz tugagan bo’lsa ham Xitoyning jung’arlarga tegishli hududlarini Toshkent, Sayram, Suzoq va Turkistongacha kengaytirish niyatlari barbod bo’lgan. Ad.: Bobobekov H.N., Qo’qon tarixi, T., 1996.