TALAS VODIYSI

TALAS VODIYSI – shimol Tyanshan orasidagi tektonik vodiy. Qirg’izistonning shimol qismida. Mo’yinqum cho’liga tutashib ketadi. Talas vodiysi uchburchak shaklida bo’lib, shimoli sharqi ochiq. Talas tizmasi bilan Qirg’iziston tizmasi tutashgan yerdan Taroz shahar yaqinigacha 230 kilometrga cho’zilgan. Eni eng tor joyida 1 kilometrdan, eng keng joyida 80 kilometrgacha. Shimolda Qirg’iziston tizmasi, Janubda Talas Olatovi, g’arbda Qoratovning Janubiy Sharqiy tarmoqlari bilan o’ralgan. Vodiy markazidan Talas daryosi oqib o’tadi. Balandligi g’arbiy qismida 600 metr, Sharqiy qismida 2000 metrdan ziyod. Relefi murakkab, asosan, kenglik bo’ylab cho’zilgan bir qancha past tizmalar mavjud. Vodiyni o’rab olgan tizmalar yon bag’irlari slanes, qumtosh, granit, ohaktoshlardan tashkil topgan. Tizmalarning pastki qismi va Talas daryosi vodiysi to’rtlamchi davr yotqiziqlari bilan qoplangan. Talas vodiysi va uni o’rab olgan tizmalarda tekislik va tog’oldi chala cho’l, tog’oldi o’rtacha balandlikdagi tog’ dashti va o’rtacha balandlikdagi tog’o’rmon o’tloqdashti, baland tog’lik o’tloq va o’tloq dasht subalp, Alp, doimiy qorlik va muzlik landshaft mintaqalari tarqalgan. Talas vodiysi tog’lar bilan o’ralganligi uchun atrofdagi tumanlarga nisbatan qishi uncha sovuq bo’lmaydi. Yillik o’rtacha temperatura 2000 metr balandlikda ham 5°, 8°. Vegetatsiya davri 140-160 kun. Yillik yog’in 200— 300 millimetr. Asosan, bo’z tuproq, baland tog’ yon bag’irlarida tog’ qoramtir, Daryo qayirlarida esa o’tloqi allyuvial tuproqlar uchraydi. Shuvoq, chalov, betaga o’sadi. Vohaning g’arbiy va Markaziy qismlarida vog’alar mavjud, sug’orilib madaniy ekinlar, shu jumladan, qand lavlagi, bug’doy, tamaki va sabzavot ekiladi. Bog’ ko’p. Tog’ yon bag’irlari chorvachilik uchun yaylov. Talas daryosida suv ombori qurilgan. Talas vodiysida Talas shahri joylashgan.