TALK
TALK (nemischa Talk; Arab — talg) — varaqsimon silikatlarning kichik sinfiga mansub mineral. Kimyoviy tarkibi Mg3[Si4O10](OH)2 bo’lib, unda MgO31,7%, SiO263,5%, H2O 4,8%. Ba’zan magniy Fe, Ni, Al, Cr bilan o’rin almashishi mumkin. Talkning villemseit (nikelli), minnesotait (temirning miqdori 50— 80%), steatit (gilvatasimon yog’li mineral; zich massivli) agalit (ingichka tolali) turlari mavjud. O’ta asosli tog’ jinslarining magnezial silikatlarini gidrotermal o’zgarishi mahsuli. Agregatlari varaq va tangachasimon shaklda, ushlaganda yog’liqsimon. Yupqa varaqchalari shaffof yoki qisman nur o’tkazadi. Yaltirashi shishadek, sadaf kabi tovlanib turadi. Varaqchalari egiluvchan, lekin qayishqoq emas. Bargsimon yoki ingichka donali, ba’zan 10 santimetrgacha bo’lgan noto’g’ri shaklli plastinkasimon, ulanish tekisligida egiluvchan shaffof tangachalarga oson ajraluvchi mo’rt agregatlar hosil qiladi. Rangi oq, yashilroq. Qattiqligi 1, zichligi 2,6— 2,8 gramm/sm3. Olovbardosh, issiklik va elektrni yaxshi o’tkazmaydi. Talk konlari magnitga boy bo’lgan tog’jinslarining o’zgarish mahsulot, kontakt metasomatik jarayonlar bilan bog’liq bo’lib, ko’pincha gidrotermal bosqichda dolomitlar bilan intruziv jinslar kontaktida yuzaga keladi. Talk slaneslar va listvenitlarning jins hosil qiluvchi minerali. Talkdan lokbo’yoq, rezina, qog’oz, atirupa sanoatida to’ldiruvchi, texnikada qattiq surkama, kislota va olovga chidamli material sifatida, ayniqsa keramikada ko’p ishlatiladi. Temirsiz steatitli Talkdan bezak toshlari sifatida foydalaniladi. O’zbekistonda Nurota, Zirabuloq Ziyovuddin, Chatqol Qurama tog’larida Talk namoyonlari, Sulton Uvaysda esa kichik koni mavjud.