YO’L JAMG’ARMASI

YO’L JAMG’ARMASI – umumiy foydalanishdagi avtomobil yo’llarini loyihalash, qurish, qayta qurish, tuzatish va saqlash ishlarini mablag’ bilan ta’minlaydigan mustaqil moliya-kredit davlat muassasasi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 5 iyuldagi qarori bilan tashkil etilgan. “O’zavtoyo’l” kontserni tarkibida. Respublika Yo’l jamg’armasi shirkat xo’jaliklari, kooperativlar, transport, qurilish korxonalari, tashkilotlari, savdo, bank muassasalari va boshqalarning daromadi (foydasi) dan ajratmalar (1%), “O’zavtoyo’l” kontserni tarkibidagi korxonalar, birlashmalar daromadlaridan ajratmalar, avtotransport vositalarining O’zbekiston Respublikasi hududiga kirganligi uchun olinadigan to’lovlardan va boshqa mablaglardan shakllanadi. Yo’l jamg’armasi mablag’lari respublika byudjeti tarkibiga kirmaydi va olib qo’yilishi mumkin emas, shuningdek, ularga soliq solinmaydi. Yo’l jamg’armasi mablag’lari yirik ob’yektlar qurilishlariga, respublika umumiy foydalanishdagi avtomobil yo’llarini (44 ming kilometrdan ortiq, 2002) qurish, ta’mirlash ishlariga va boshqa yo’l ehtiyojlari uchun sarflanadi. Yo’l jamg’armasi mablag’lari 63 milliard so’mni tashkil etdi (2001; 2000 yilda 52 milliard so’m). Tohirjon Mirzayev.