YECHIM
YECHIM — badiiy asar qahramonlari o’rtasidagi qarama-qarshilikning hal etilishi. Yechim badiiy asarning muqaddimasida ham, o’rtasida ham, xotimasida ham kelishi mumkin. Lekin xotima yoki muqaddimadan keskin farq qiladi, ya’ni asar voqealarining tarkibiy qismini tashkil etadi — asosiy voqealar bilan bevosita bog’liq bo’ladi. Bundan tashqari, asarning “tuguni”, albatta, muayyan Yechimni talab qiladi. Yechim voqealarning eng yuqori nuqtasidan so’ng boshlanadi. Masalan, “O’tgan kunlar” (Abdulla Qodiriy) romanida Kumushbibining o’limi — asar yechimidir. Otabekning o’limi esa romanning xotimasi, xolos. Chunki, Otabekning o’limi asardagi asosiy voqealarga uzviy bog’liq bo’lmay, o’quvchiga shunchaki axborot berish uchun xizmat qiladi. Detektiv yo’nalishidagi asarlarda Yechim hatto muqaddima o’rnida kelishi mumkin (masalan, O’lmas Umarbekovning “Yoz yomg’iri” asari). Yechim ba’zan asarda bevosita aks ettirilmasdan, kitobxon hukmiga havola etiladi. Yechim muallifning badiiy maqsadini ro’yobga chiqaradigan samarali vositalardan biri hisoblanadi.