YEVROPA MARKAZIY BANKI
YEVROPA MARKAZIY BANKI (EMB) — Yevropa valyuta Ittifoqining asosiy muassasasi. Yevropa Ittifoqi qaroriga ko’ra 1998 yil 1 iyunda tashkil etilgan. Boshqaruvi Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahrida joylashgan. Asosiy vazifasi yagona valyuta — yevroni muomalaga kiritgan Yevropa valyuta Ittifoqiga a’zo mamlakatlar pul siyosatini amalga oshirishdan iborat. EMB tizimi ikki bosqichli bo’lib, yuqori bosqichda EMB va quyi bosqichda Yevropa iqtisodiy va pul hamjamiyatiga a’zo mamlakatlarning milliy Markaziy banklari turadi. Bu Markaziy banklar ayni paytda EMB bilan birga Yevropa Markaziy banklari tizimini hosil qiladi. EMB va milliy Markaziy banklar boshqa har qanday Yevropa yoki milliy organlarning ko’rsatmalaridan foydalanmaydi yoki ularga amal qilmaydi. Bank barcha hisob-kitoblarni Yevroda olib boradi va uning barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi. 1999 yil 1 yanvardan boshlab pul siyosatini tartibga solish EMB boshqaruvchilari Kengashining mutlaqi vakolatiga kiradi. Milliy Markaziy banklar boshqaruvchilari Kengash a’zolari hisoblanadi.