YEVTUSHENKO YEVGENIY ALEKSANDROVICH

YEVTUSHENKO YEVGENIY ALEKSANDROVICH (1933.18.7, Irkutsk viloyati) — rus shoiri. Birinchi she’riy to’plami “kelajak razvedkachilari” (1952). Yevtushenko adabiyotni kompartiyaning g’oyaviy quroliga aylantirmay, asl holiga qaytarishga — insoniyatning madadkoriga aylantirishga harakat qilgan. Eng yaxshi asarlarida murakkab axloqiy va tarixiy masalalarni (“Stalin vorislari”, “babiy Yar” she’rlari), xalqaro siyosatga daxldor muammolarni o’rtaga tashlaydi, ijodida fuqarolik ruhi ustuvor mavqega ega. “Uchinchi qor” (1955), “tashabbuskorlar ko’chasi” (1956), “Nazokat” (1962), “Bratsk GESi” (1965), “aloqa qayig’i” (1966), “oppoq qor yog’yapti” (1969), “Qozon dorilfununi” (1970), “ishqiy lirika” (1973), “ertalabki xalq” (1978), “Fuku” (1985) kabi to’plamlari va dostonlari nashr etilgan. “Mevali joylar” (1981) romani axloqiy mavzuda. “Iste’dod — betakror mo”jiza” (1983) maqolalar to’plami adabiyotshunoslik masalalari to’g’risida. “Bolalar bog’chasi” (1984), “Stalinning dafn etilishi” (1990) filmlari muallifi. Yevtushenkoning “oq qorlar” she’riy to’plami o’zbek tilida nashr qilingan (1982).